Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 16:16 Chop etish versiyasi

Hashar – ahil elga yarashar

Surxondaryo viloyatida ham joriy yilning 11-12-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan umumxalq hashariga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

Mahalla, ko‘cha-ko‘y va xonadonlarni toza-ozoda, saranjom-sarishta saqlash, erta bahordan turli daraxt va gul ko‘chatlari ekib, tevarak-atrofni ko‘kalamzorlashtirish xalqimizga xos yuksak fazilatdir. Mustaqillik yillarida bunday milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, ulug‘ ayyomlar arafasida yanada keng tus olmoqda.

– Viloyatning barcha hududlarida umumxalq hashari xalqimizga xos mehr-muruvvat va hamjihatlik singari ezgu fazilatlar asosida o‘tkaziladi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari O‘rol Toshboyev. – Ikki kun davomida shahar va qishloqlarimizda maydonlar obodonlashtirilib, turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, rang-barang gullar ekiladi. Ariq va zovurlar tozalanib, to‘plangan maishiy, qurilish chiqindilari belgilangan hududlarga chiqariladi. 740 dan ortiq muqaddas qadamjo va ziyoratgoh obodonlashtirilib, tevarak-atrofi tartibga keltiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning uy-joylari ta’mirlanib, ehtiyojmand xonadonlar, yolg‘iz keksalar va nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Viloyatda bayramoldi umumxalq hasharida 1 million 180 mingdan ortiq kishi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 700 mingdan ziyodi yoshlardir.

To‘plangan chiqindilarni tashish va boshqa muhim yumushlarni bajarish uchun 1 ming 160 ga yaqin turli texnika vositasi jalb etiladi. Termiz shahar obodonlashtirish boshqarmasiga hashar arafasida topshirilgan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan “MAN” rusumli ikkita maxsus chiqindi tashish mashinasi va ikkita tirkamali traktor quvvatidan ham samarali foydalaniladi.

– Hashar oldidan topshirilgan ushbu zamonaviy mashina chiqindilarni yanada tez va sifatli tashishga xizmat qiladi, – deydi Termiz shahar obodonlashtirish boshqarmasi haydovchisi Qahramon Mamatov. – Yasharish va yangilanish bayrami arafasida o‘tkazilayotgan hasharda o‘zimizda ishlab chiqarilgan yangi texnika vositasi bilan shahrimizni yanada obod qilishda faol ishtirok etayotganimdan faxrlanaman.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 722






Все о погоде - Pogoda.uz