O‘zA O`zbek

20.06.2018 18:41 Chop etish versiyasi

Harbiy xizmatchilarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar, safarbarlik chaqiruvi rezervlarida xizmat qilish tartibidagi o‘zgarishlarga doir yangi ma’lumotlar berildi.

Mudofaa vazirligi boshqarma bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Maxsud Isoqov professional harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zlab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shuningdek, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlari uchun davlat granti asosida ta’lim olishga umumiy qabul sonidan 5 foizli kvota ajratiladi. Ularning farzandlariga maxsus tavsiyanoma beriladi.

Harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, yaralangan, kontuziya yoki shikastlanish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari tegishli vazirlik yoki idoraning tavsiyanomasi asosida oliy ta’lim muassasalarining byudjet o‘rinlariga maxsus kvota bo‘yicha test sinovlarisiz qabul qilinadi.

Mazkur hujjat bilan vazirlik va idoralarga halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ta’lim olishi uchun kontrakt pulini to‘lashga ruxsat etildi.

Joriy yildan Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti (SOHAQMB) faoliyati tugatilganligi, endi ofitser-avtomobilchilar va artilleriyachilar Qurolli Kuchlar akademiyasi va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarida tayyorlanishi haqida ma’lumot berildi.

2018 yildan harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktabini tugatish, uning o‘rnida SOHAQMB bazasida Qurolli Kuchlar uchun kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi tashkil etildi. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti Qarshiga ko‘chirildi.

Toshkent harbiy okrug harbiy prokurori yordamchisi, adliya mayori Sardor Sobirov Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun mavjud va yangi imtiyozlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. U prokuraturaning harbiy xodimlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, harbiy nafaqaxo‘rlar muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazilganligini ta’kidladi. Mehnat yarmarkalari tashkil etilib, harbiy xizmatchilar oila a’zolarining bandlik masalasi hal etildi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan avtotransport sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.

Ta’kidlandiki, Mudofaa vazirligining jangovar qismlari va jangovar ta’minot bo‘linmalarining ofitserlariga hamda serjantlar va oddiy askarlar tarkibining shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilariga har bir harbiy qismdan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda o‘rnak ko‘rsatgan 10 nafargacha kishiga Markaziy bank va “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Kreditlar 10 yil muddatga, uch yillik imtiyozli davr bilan, xarid qilinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 15 foizi miqdoridagi boshlang‘ich to‘lov, yillik 7 foiz stavkasida ajratiladi.

Tadbirda safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tashning yangi imkoniyatlari alohida ta’kidlandi. Masalan, ushbu turdagi xizmat uchun badal miqdori eng kam ish haqining 25 barobaridan 20 barobarigacha kamaytirilib, bugungi kunda 3 million 444 ming so‘m qilib belgilandi. Safarbarlik chaqiruvi rezervi yig‘inida xizmat o‘tagan yigitlar kelgusida umumiy asosda shartnoma bo‘yicha xizmat o‘tashga chaqirilishi mumkin.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun yangi imtiyozlar davlatimizning Vatan himoyachilariga g‘amxo‘rligining yorqin namunasi, ularning og‘ir va mashaqqatli mehnatiga yuksak baho bo‘lgani shubhasiz.

Ablay Kamolov, O‘zA
3 163