O‘zA O`zbek

19.02.2018 15:11 Chop etish versiyasi

Harbiy xizmat – yigit uchun sharaf!

Toshkent temir yo‘l vokzalida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugida muddatli harbiy xizmat o‘tagan bir guruh askarlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar harbiy xizmat yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash bilan birga, ularning intellektual va jismoniy salohiyatini oshirib, salomatligini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Harbiy qismlarda askarlarning yuksak jangovar va axloqiy-ruhiy sifatlarga ega bo‘lish, murakkab sharoitlarda tez va to‘g‘ri yo‘l tanlay olish kabi qobiliyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qurolli Kuchlarimiz safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan yoshlar mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga kirishda test imtihonlarida to‘plagan ballining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugidagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini o‘tab qaytgan Toshkent viloyatida yashovchi Bekzod Fayzullayev shunday tavsiyanomani qo‘lga kiritdi.

– Muddatli harbiy xizmat davomida chiniqdim, dunyoqarashim kengaydi. Test va boshqa sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, qo‘mondonlikning tavsiyanomasini qo‘lga kiritdim, – deydi B.Fayzullayev. – Muqaddas burch oldida mazkur tavsiyanoma muhim emas. Asosiysi, yurt tinchligi va sarhadlarimiz daxlsizligi uchun kurashadigan munosib qalqon bo‘la olishdir.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
6 348