Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.05.2018 20:43 Chop etish versiyasi

Harbiy qismda “xotira bog‘i” ochildi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan harbiy qismda “Xotira bog‘i” ochildi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan bayram tadbirida davlat va jamoat tashkilotlari, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi vakillari, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni general-mayor Bahodir Qurbonov Vatanimiz himoyasi yo‘lida o‘z hayotini qurbon qilgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bugungi kunda xalqimizning bunday jasur o‘g‘lonlari tahsil olgan ko‘plab maktablarda xotira burchaklari tashkil etilib, qahramonlarning oila a’zolari va xizmatdoshlari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ularning farzandlari va yaqinlari hamisha davlatimiz e’tiboridadir.

– Bizga ko‘rsatilayotgan har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdorman, – deydi halok bo‘lgan serjant Qahramonjon Madolimovning qizi Zaynura Qahramonova. – Otalarimiz va akalarimiz xotirasi qalbimizda mangu barhayot. Ushbu me’moriy yodgorlik va “Xotira bog‘i”ni barpo etishga o‘z hissasini qo‘shgan barchaga minnadorlik bildiraman.

Yodgorlik poyi gullarga burkandi. Harbiy orkestrning musiqasi yangradi. Ta’lim muassasalari o‘quvchilari ijrosida vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan she’r va ko‘shiqlar yangradi.

A.Kamolov, O‘zA
2 151