Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.09.2017 19:31 Chop etish versiyasi

Harbiy qismda tantanali marosim

Harbiy qismda tantanali marosim Sharqiy harbiy okrugda joylashgan harbiy qismlardan birida harbiy qism tashkil topgan kunga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda Namangan viloyati hokimligi, Mudofaa, Adliya, Xalq ta’limi, Mehnat, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, talabalar, mahalliy Kengashlar deputatlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

– Tinchlik qanchalik bebaho ne’mat ekanini urush ko‘rgan otaxonlarimiz, dunyoning urushdan boshi chiqmayotgan ayrim mamlakatlari xalqi yaxshi biladi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi I.Najmiddinov. – Biz ham bugungiday farovon hayotimiz, tobora taraqqiy topayotgan davlatimiz timsolida bu ne’matning qadrini teran anglagan holda, uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashimiz lozim. Bugungi tahlikali dunyoda tinchlikni saqlab turish oson emas. Yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni asrashda harbiylarimizning xizmati beqiyos. Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilgan islohotlar mamlakatimiz mudofaa salohiyatini davr talabi darajasida yuksaltirishga xizmat qildi. Buni mazkur harbiy qism faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

12.jpg

Darhaqiqat, harbiy qism o‘z faoliyati bilan nafaqat okrug, balki Mudofaa vazirligi tizimida ham namunali qismlardan biri hisoblanadi. Uning shaxsiy tarkibi jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha mamlakat miqyosida o‘tkazib kelinayotgan turli musobaqa va ko‘rik-tanlovlarda munosib qatnashayotir. Jumladan, mazkur qism jamoasi 2014, 2016-yillarda Mudofaa vazirligi tizimida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or harbiy qism” ko‘rik-tanlovida, “Ommaviy sport o‘yinlari” musobaqasi va “Eng ilg‘or harbiy qism komandiri” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan. Xizmat burchini sidqidildan ado etayotgan 10 dan ziyod harbiy xizmatchi davlatimizning yuksak mukofotlari, uch nafari ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Joriy yilning iyul-avgust oylarida Rossiya va Xitoyda bo‘lib o‘tgan III Xalqaro armiya o‘yinlarida bir guruh harbiy xizmatchiar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgani milliy armiyamiz salohiyatidan dalolat beradi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik R.Xalilov bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi ofitserlik va serjantlik harbiy unvonlarini topshirdi. Shuningdek, bir qator harbiy xizmatchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

– Harbiy qismimiz tashkil topgan kun, ayniqsa, men va yana bir guruh safdoshlarim uchun qo‘shaloq bayramga aylandi, – deydi serjant G‘.Yoqubov. – Tantanali tadbirda serjant harbiy unvoniga sazovor bo‘ldim. Bu Vatan himoyachisi degan sharafli kasbimga mehrimni, mas’uliyatimni yanada oshirdi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoasi va boshqa san’atkorlar, shoir-yozuvchilar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ishtirokidagi badiiy-musiqiy dastur tadbirga bayramona fayz bag‘ishladi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
1 105






Все о погоде - Pogoda.uz