Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 12:20 Chop etish versiyasi

Harakatlar strategiyasi: yoshlar va xotin-qizlar

Buxoroda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan “Harakatlar strategiyasi: xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish bo‘yicha partiya oldida turgan ustuvor vazifalar” mavzusida mintaqaviy seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari kengashlari, partiya Buxoro viloyati, tuman va shahar kengashlari “Ayollar qanoti” hamda “Yoshlar qanoti” yetakchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati J.Shirinov va boshqalar Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijtimoiy sohani rivojlantirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari qulayligini ta’minlash, ta’lim sifatini yaxshilashda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari faoliyatini yanada yuksaltirish, tashabbuskorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda siyosiy partiyalarning roli ortib bormoqda. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlik guruhlari faoliyatini xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirishga yo‘naltirmoqda.

Harakatlar strategiyasini joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirishga bag‘ishlangan alohida bob bo‘lib, unda keng ko‘lamli vazifalar, jumladan, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan qator tadbirlar belgilangan. Yoshlarni oliy ta’limga jalb etishda ham imtiyozlar – yetim, chin yetim va nogironlarga o‘qishga kirishda alohida davlat grantlari ajratiladi, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli qabul kvotalari tasdiqlanadi.

Seminarda Harakatlar strategiyasida xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha ilgari surilgan vazifalar partiya saylovoldi platformasida belgilangan maqsad hamda vazifalarga hamohangligi qayd etildi. Jumladan, ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda yoshlarga oid masalalarda partiya ko‘plab tadbirlarni amalga oshiradi. Har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun yanada qulay sharoit yaratish, yoshlar, xotin-qizlar o‘rtasida hunarmandlik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikni rivojlantirish hamda ularni ish bilan ta’minlashda davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish asosiy vazifalardan etib belgilangan.

– Kengashimiz Harakatlar strategiyasi va partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, xotin-qizlar va yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratadi, – deydi partiya Buxoro viloyati kengashi raisi S.Hamroyev. – Bu masalani plenum va yig‘ilishlarimizda muhokama qilib boramiz. Yoshlar va ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joylardagi tajribani ommalashtirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish barobarida yuqorida tilga olingan masalalarni o‘rganib, hududlarda uchraydigan muammolarni bartaraf etish maqsadida vakillik organlari doimiy komissiyalari va sessiyalari muhokamasiga kiritamiz. Bu boradagi faoliyatimizda jamoat nazoratini ta’minlashda deputatlik so‘rovi ham muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda partiya guruhlari tashabbusi bilan mahalliy Kengash sessiyalarida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish yuzasidan ko‘tarilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ayni paytda partiya guruhlarining bu boradagi ishlari hali yetarli emasligi, joylarda o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi, sessiya qarorlari ijrosi hamma joyda ham to‘liq ta’minlanmayotgani ta’kidlandi. Bunga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya fraksiyasi a’zolarining hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni o‘rganish natijalari misol sifatida aytib o‘tildi.

Seminarda Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi platformasini amalga oshirish yuzasidan partiya guruhlarining chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Partiya guruhlarining yoshlar va xotin-qizlar mavqeini yanada yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini jadallashtirish, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan deputatlik hamda parlament nazorati samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 366






Все о погоде - Pogoda.uz