Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 14:48 Chop etish versiyasi

Har bir so‘zida shukronalik

Har bir so‘zida shukronalik Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Prezidentimizning shu yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni va "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham urush qatnashchilari ko‘nglini olish, yurt tinchligi va ozodligi uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasini yod yetishdek ezgu maqsadlar mujassam.

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari Chilonzor tumanidagi Oqtepa mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Boris Badyanovning xonadonida bo‘ldi.

To‘qson besh yoshni qarshilagan B.Badyanov o‘n to‘qqiz yoshida urushga ketgan. Urushdan qaytgach, umrini harbiy xizmatga bag‘ishladi. Farzandlarini kamolga yetkazib, ularni yurtga qo‘shdi.

Har bir bayram va sayillarda tuman hokimligi, mahalladagilar otaxonni yo‘qlab keladi.

Mudofaa vazirligi, davlat idoralari va jamoatchilik vakillari otaxonni Prezidentimiz nomidan bayram bilan tabriklab, pul mukofoti va sovg‘a-salomlar topshirdi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va raqs faxriyning ko‘nglini ko‘tardi.

– Turli millat vakillari hamjihatlikda farovon hayot kechirayotgan Vatanda har bir inson qadrli va e’zozda, – deydi B.Badyanov. – Prezidentimiz tomonidan biz, keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan cheksiz minnatdormiz. Mehr-oqibatli xalqimiz, ko‘ngli toza qo‘ni-qo‘shnilarim bor ekan yolg‘izligim ham bilinmaydi. Keksalarning holidan xabar olib, ularning qulay sharoitlarda yashashi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoit yaratib berayotgan Prezidentimiz doimo omon bo‘lsin.

Anna Vohidova ham urushning ayanchli voqealarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. U ham yigirma yoshida harbiy hamshira bo‘lib urushga bordi. Urushdan keyin harbiy tibbiyot sohasida mehnat qildi. O‘zi bilan birga harbiy sohada faoliyat yuritgan Sergey Ivanovga turmushga chiqib, bir qiz va bir o‘g‘ilni kamolga yetkazdi. Ularni o‘qitib, oliy ma’lumotli qildi.

Chilonzor tumanidagi Bog‘zor mahallasida istiqomat qilayotgan A.Vohidova to‘qson to‘rt yoshni qarshiladi. Onaxon Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklash uchun uyiga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining bir guruh xodimlari va kursantlarni ko‘rib juda quvondi.

Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i E.Hojimurodov onaxonni Prezidentimiz nomidan tabriklab, pul mukofoti va sovg‘a-salomlar topshirdi. Xonadonda yangragan kuy-qo‘shiq va raqs onaxonga olam-olam quvonch bag‘ishladi.

– Shu kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi onaxon. – Qayerga bormaylik, e’zozda, hurmat va e’tibordamiz. Ayniqsa, bayram kunlari uyimdan odam arimaydi. Bunday e’tibor va mehr biz, keksalarning umrini yanada uzaytirib, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarmoqda.

– Tumanimizda 58 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Chilonzor tumani bo‘limi raisi O.Ahmedov. – Bayram munosabati bilan har bir yoshi ulug‘ insondan xabar olib, uylariga kirib chiqmoqdamiz. Keksalarimizning har bir so‘zidagi shukrona, serma’no maslahatlari yoshlarimizga ibrat bo‘lib, barchani bugungi tinch, farovon kunlarning qadriga yetishga undaydi.

Go‘zal Sattorova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
2 125






Все о погоде - Pogoda.uz