Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.06.2018 18:14 Chop etish versiyasi

Har bir oila tadbirkor bo‘ladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 iyundagi qaroriga ko‘ra, har bir tuman va shaharda, avvalo, olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda aholining moddiy sharoitini tubdan yaxshilash, turmush sifati va darajasida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi hayotga tatbiq etiladi.

Dasturni amalga oshirish uchun Samarqand viloyatida ham tegishli ishchi guruhlar tuzilib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ishchi guruhlar hokim o‘rinbosarlari, hududlardagi iqtisodiy kompleks, banklar, savdo-sanoat palatasi hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantirilgan.

– Viloyatdagi 77 bank muassasasi xodimlari ham joylarda tashkil etilgan ishchi guruhlar tarkibiga kiritilgan, – deydi Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Sobirov. – Shuningdek,har bir mahallaga bank biriktirilgan va dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga mas’ul etib belgilangan. Ular ishchi guruh bilan birgalikda aholiga mazkur dasturda belgilangan vazifalar, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun kredit olish tartibini tushuntirib, har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatini o‘rganmoqda. Fuqarolarga zarur tavsiya va maslahatlar bermoqda, kredit olish bilan bog‘liq tartiblar tushuntirilayotir. Chunki, dasturning muhim jihatlaridan biri – jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilishi bilan bog‘liq.

Prezidentimiz qarorida belgilanganidek, tijorat banklari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomasi asosida ajratiladi.

Shuningdek, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik biznes subyektlariga ham uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulk garovi, Jamg‘armaning kafilligi va qonun hujjatlari doirasidagi boshqa ta’minot turlari bo‘yicha eng kam ish haqining 1000 baravarigacha miqdorda imtiyozli kredit beriladi.

Ushbu mikrokreditlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018 yil 8 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga yillik 7 foiz stavkada ajratiladi.

Qarz oluvchi – jismoniy shaxslar kredit olish uchun bankka ariza, pasport nusxasi, jismoniy shaxslarga kredit qaytarilishining ta’minoti sifatida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbari va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli kreditlash bo‘yicha tavsiyanomani taqdim etadi.

Qarz oluvchining arizasi kelib tushgan kundan boshlab, tijorat banki tomonidan uch ish kunidan oshmagan muddatda ushbu ariza bo‘yicha asoslantirilgan qaror qabul qilinadi.

Kreditlar qarz oluvchiga alohida kredit hisob varag‘i ochish va uning to‘lov topshiriqnomasiga muvofiq, ushbu hisob varaqdan naqd pulsiz shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan beriladi. Jismoniy shaxslarga imtiyozli mikrokredit ajratilayotgan loyihaning o‘ziga xos jihatlari, kredit hisobiga olinadigan tovarni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish imkoniyati bo‘lmagan holda hududiy ishchi guruhlarning bu haqdagi xulosasiga asosan mikrokreditning bir qismi naqd pulda berilishi mumkin.

Davlatimiz tomonidan berilayotgan bunday imtiyoz va qulayliklar har bir oilaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratib, xalqimizning ishbilarmonlik qobiliyatini namoyon etishi hamda shu orqali turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 568