Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 19:03 Chop etish versiyasi

Har bir murojaat e’tiborda

Latifjon Barotov Toshkent davlat yuridik universitetining 2-kursida tahsil oladi. U internet aloqasida uzilishlar bo‘layotgani haqida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining virtual qabulxonasiga murojaat etgach, mavjud muammo uch kunda ijobiy hal etildi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida aholi, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha media-tur tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish, xalqqa ko‘makdosh bo‘lish, ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga madad ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari yurtimizning har bir fuqarosi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga vazirlik va idoralar, tashkilotlar faoliyatini davr talabiga monand yo‘lga qo‘yishni taqozo etmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning xatlari, ariza, shikoyat va takliflari bilan ishlash O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatining doimiy va muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu yerda aloqa va axborotlashtirish sohasi xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun qulay usulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka murojaat etish imkoniyati yaratilgan.

Fuqarolarni qabul qilish jadvali asosida bu yerga tashrif buyurgan jismoniy va yuridik shaxslar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati tomonidan qabul qilinmoqda. Murojaatlar telefon orqali og‘zaki tarzda ham yozib olinadi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning tizimidagi korxonalarga 2017-yil boshidan buyon elektron shaklda kelgan murojaatlar 433 tani tashkil etadi.

Telekommunikatsiya va pochta xizmatlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarga qisqa vaqt ichida yechim topish maqsadida internet tarmog‘ining murojaat.mitc.uz manzilida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyatining virtual qabulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan mazkur tizim orqali 350 murojaat qabul qilingan. Fuqarolar 0 800 200-41-07 maxsus raqamidan foydalanib, bepul telefon orqali virtual qabulxonaga murojaat yo‘llashlari mumkin.

Alohida ta’kidlash kerakki, telefon aloqasida nosozliklarga duch kelayotgan abonentlarning shikoyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat qilish holatlari ham uchrab turibdi. Vaholanki, mazkur yo‘nalishdagi dolzarb masalalarni tezkor hal etish maqsadida "O‘zbektelekom" aksiyadorlik kompaniyasida uztelecom.uz onlayn qabulxonasi hamda abonent murojaatlarini qabul qiluvchi (+998 71) 244-34-43 telefon raqami, shuningdek, 1084, 1086 qisqa raqamlari tashkil qilingan.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda samarali tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida axborot-kommunikatsiya sohasi muassasalarida ham virtual qabulxonalar tashkil etilgan. Jumladan, aholi pochta aloqasi xizmatlari yuzasidan "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyatining www.pochta.uz saytidagi virtual qabulxonasi yoki (+998 71) 233-62-34 "Ishonch raqami" orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega.

Vazirlik tizimida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining www.gis.uz manzilida ham onlayn qabulxona mavjud. (+998 71) 237-01-11 "Ishonch telefoni" mamlakatimizning barcha hududlaridan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor xizmatlarni amalga oshiradi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning tizimidagi muassasalarda fuqarolarning dolzarb masalalarini o‘z vaqtida hal etish maqsadida vazirlikda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tashkil qilingan.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi. Media-tur doirasida ishtirokchilar "O‘zbektelekom" aksiyadorlik kompaniyasining Toshkent shahar telefon tarmog‘i filiali "Call-Centre" xizmati – Qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va ularga qayta ishlov berish markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 344






Все о погоде - Pogoda.uz