Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 19:59 Chop etish versiyasi

Har bir murojaat e’tibor va nazoratda

Mamlakatimizda xalq bilan muloqotning yangi samarali usul va shakllarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar bu fikrning amaldagi in’ikosi bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tomonidan poytaxt tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 6-aprel kuni Toshkent shahrining Bektemir, Mirobod, Yashnobod tumanlari aholisidan Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent shahar, Bektemir, Mirobod va Yashnobod tumanlari hokimliklari mas’ul xodimlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Tadbirda hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligi, ularning ijrosini ta’minlashga davlat idoralari rahbarlari shaxsan javobgar ekani ta’kidlandi.

Joriy yilning 5-aprel kuniga qadar davlatimiz rahbarining Virtual qabulxonasiga Bektemir, Mirobod va Yashnobod tumanlari aholisidan 27 ming 700 ga yaqin murojaat tushgan. Ularning qariyb 89 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda.

Murojaatlarni o‘rganish fuqarolarning asosiy qismini (qariyb 20 foizi) uy-joy qurish, yer ajratish va ta’mirlashga oid masalalar tashvishga solayotganini ko‘rsatdi. Yashnobod tumanining Uysozlar mahallasida istiqomat qilayotgan Sayfullo Botirov ham shunday arz bilan kelganlardan biri.

– Oilamiz katta, – deydi S.Botirov. – Ota-onam, men oilam, buning ustiga ukamni ham uylantirish taraddudidamiz. Lekin ikki xonali kvartirada shuncha odam qanday qilib yashashi mumkin?! Shu bois sayyor qabulga kelib, arzimni bayon qildim. Toshkent shahar hokimligi mas’ullari murojaatimni ko‘rib chiqib, Sergeli tumanida qurilayotgan arzon uy-joyga ariza berishni taklif etdi. Uylar ipoteka krediti asosida taqdim etilishi menga juda manzur bo‘ldi.

Institut binosining sayyor qabul uchun ajratilgan xonalari gavjum. Eng muhimi, odamlarni ko‘pdan beri o‘ylantirib kelayotgan muammolar shu joyning o‘zida hal etilmoqda, taklif va tavsiyalar berilmoqda. Bektemirlik Xayriniso Alyushina nainki o‘zi uchun, balki mahalla-ko‘y uchun ham dolzarb masalaga yechim izlab kelganlardan biri.

– Mahallamizda uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Xayriniso aya. – Ikkita maktab, ikkita bog‘cha faoliyat ko‘rsatadi. Lekin mahalla markazidagi chorraha tartibga solinmagani oqibatida haydovchilar ham, piyodalar ham harakatlanishda qiynaladi. Shuning uchun ushbu chorrahaga svetofor o‘rnatishlarini so‘rab murojaat etgandim, tuman ichki ishlar idorasi mutasaddilari uni qanoatlantirishga va’da berdi.

– Murojaatlar tahlili asosida qaysi sohalarda yechimini kutayotgan muammolar borligi ayon bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bektemir tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Zufar Mahmudov. – Prezidentimizning Bektemir tumanidagi Xalq qabulxonasiga shu kunga qadar aholidan 2 ming 860 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Tuman hokimligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda ularni hal etish masalasiga e’tibor kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, bu muammolarni yuzaga keltirayotgan sabablarni ham o‘rganmoqdamiz. Bugungi sayyor qabul davomida turli sohalar mutaxassislari tomonidan odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb mavzular yuzasidan aholiga tushuntirishlar berildi.

Behzod Bozorov, O‘zA
371






Все о погоде - Pogoda.uz