Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 16:29 Chop etish versiyasi

Hamkorlik mustahkamlanmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har haftaning payshanbasi mamlakatimizda profilaktika kuni sifatida belgilandi. Shunga muvofiq, Andijon viloyati mahallalari, ta’lim muassasalarida ham huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan prokuratura, soliq idorasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlarda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va omillari atroflicha muhokama etilib, bunday holatlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Profilaktika tadbirlari doirasida 103 mingdan ortiq xonadon o‘rganib chiqildi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi katta inspektori, mayor Mirzohid Ma’mirjonov. – O‘rganish davomida fuqarolarning pasport-viza, doimiy yoki vaqtincha yashash, yong‘in, harakat xavfsizligi tartib-qoidalariga rioya etishi nazoratdan o‘tkazildi. Ichki ishlar idoralari profilaktik hisobida turuvchi shaxslar, xorijga ishlagani ketgan yoki qaytganlar va ularning oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Andijon tibbiyot kollejida bo‘lib o‘tgan tadbirda huquq-tartibot idoralari mas’ul xodimlari, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, mahalla faollari, ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirok etdi. O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar kelib chiqishining oldini olish, targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish, o‘quvchilar intizomi va davomatini qat’iy nazoratga olish borasidagi ishlar atroflicha muhokama etildi. O‘quvchilarga puxta bilim olish, kasb-hunar egallash, qonunlarni hurmat qilish, zimmalaridagi burch va mas’uliyatni ado etishi zarurligi, turli illatlar haqida tushunchalar berildi.

– Bugungi tadbirda biz, yoshlar 12-yillik majburiy ta’lim, bu boradagi burch va mas’uliyatimiz haqida ko‘p narsa bilib oldik, – deydi Andijon tibbiyot kolleji o‘quvchisi Karima Madibekova. – Zimmamizdagi ana shu vazifalarni ado etish, puxta bilim olish va faol yoshlar qatorida bo‘lishga astoydil harakat qilamiz.

Profilaktika kuni doirasida viloyatdagi 869 ta’lim muassasasida o‘quvchilarning darsda qatnashishi, kiyinish madaniyatiga amal qilishi o‘rganib chiqildi, sog‘lom turmush tarzi, ma’naviy-axloqiy tarbiya mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Farzandlari nazoratiga e’tiborsiz, ularning darsga qatnashishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan 540 ota-onaga tegishli chora ko‘rildi.

Profilaktika tadbirlari o‘quvchi yoshlarning ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash, bartaraf etish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yuksaltirishda ichki ishlar idoralari xodimlari, pedagoglar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari hamkorligini yanada mustahkamlash va mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
769






Все о погоде - Pogoda.uz