Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 12:50 Chop etish versiyasi

Hamjihatlik samaralari

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida fuqarolar yig‘inlari huzuridagi ota-onalar universiteti faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyati bo‘limi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda fuqarolar yig‘inlari huzuridagi ota-onalar universitetlari rahbarlari, a’zolari, fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, mahallalar faollari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nufuzini yanada oshirish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Surxondaryo viloyatida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida 700 ota-onalar universiteti jamoatchilik tuzilmasi faoliyat yuritmoqda. Bu mahalla instituti “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tayanch nuqtasiga aylanganiga yaqqol misoldir. Joylarda tashkil etilgan ota-onalar universitetlari oilalarning yosh avlod tarbiyasi borasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, psixologik-pedagogik va fiziologik bilimini oshirishga ko‘maklashmoqda, oilalar mustahkamligiga hissa qo‘shmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda mazkur tuzilma ota-onalarning farzandlar tarbiyasi borasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan 374, ma’naviy-axloqiy bilimini mustahkamlash bo‘yicha 364, psixologik-pedagogik va fiziologik bilimini yuksaltirish yuzasidan 203-marta mashg‘ulot o‘tkazgan.

– Bu kabi ishlar bugungi globallashuv davrida yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, farzandlarimizda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirish, oilalarda sog‘lom psixologik muhitni ta’minlashga xizmat qilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Zamira Omonova. – Shu bois bunday tadbirlarni Termiz shahri va barcha tumanlarda o‘tkazish belgilab olindi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining O‘zbekiston Respublikasida 2017-yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminar mazkur tuzilma rahbarlari va a’zolarining mas’uliyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan.

Sho‘rchi tumanidagi fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan 52 ota-onalar universitetiga hududda obro‘-e’tiborga ega, chuqur bilimli pedagog, psixolog, huquqshunos, shifokor va boshqa mutaxassislar jamoatchilik asosida jalb etilgan. Yilning o‘tgan davrida ular ota-onalarning huquqiy, ma’naviy-axloqiy, psixologik-pedagogik va fiziologik bilimini mustahkamlash borasida 84-marta mashg‘ulot o‘tkazdi. Bunday mashg‘ulotlar ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, oilaviy ajrimlar, o‘smirlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlashda yaxshi samara bermoqda.

“Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi ota-onalar universiteti jamoatchilik tuzilmasiga mahallaning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, ko‘p yillik pedagogik tajribaga ega Sanobar Ergasheva 5-yildan buyon rahbarlik qilib kelmoqda. Ota-onalar universitetining mashg‘ulotlar jadvali, mavzusi, darslarning qaysi vaqtda kim tomonidan o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bir necha joyga ilib qo‘yilgan. Namunali xonadon hisoblangan oilalardagi totuvlik, qaynona-kelin munosabatlari, muomala madaniyati, oila tutumi va xonadondagi saranjom-sarishtalik atroflicha o‘rganilib, mashg‘ulotlar jarayonida ommalashtiriladi.

– Dastlabki mashg‘ulotlarda tuzilma ishini oilaga aralashish, deb e’tiroz qilgan ota-onalar ham bo‘ldi, – deydi Sanobar Ergasheva. – Bunday fikrda yurganlarga masalaning mohiyati haqida batafsil so‘zlab berdik. Ilgari mashg‘ulotda faqat qaynonalar qatnashgan bo‘lsa, endi yosh kelinlar, qizlar ham kelmoqda. Bolada kitobga mehr uyg‘otishning ahamiyati va bu jarayonda ota-onaning o‘rni masalasiga qaratilayotgan alohida e’tibor yoshlarda kitobga, mutolaaga qiziqishni oshirmoqda. Tadbirkorlik, hunarmandlik bilan shug‘ullanayotgan, tomorqadan oqilona foydalanayotgan oilalar safi kengayib bormoqda.

Mahallada jamoat tuzilmasining namunali tinglovchilari ijtimoiy faol bo‘lmagan xonadonlarga biriktirilgani kutilgan natijalarni bermoqda. Yil boshidan buyon tuzilma va mahalla faollari hamkorligida 4 oilaviy ajrimning oldi olindi. O‘smirlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etish holati qayd etilmadi. O‘quvchilarni ta’lim muassasalaridagi to‘garaklarga jalb etish sifati yaxshilandi.

Ko‘rgazmali seminarda ota-onalar universiteti jamoatchilik tuzilmasining mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati, ijtimoiy hamkorlik masalalari, ota-onalarning farzand tarbiyasi borasidagi bilimi – oilada ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash va oilalarni mustahkamlashning muhim omili ekanligi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Ota-onalar universiteti faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 959






Все о погоде - Pogoda.uz