Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.06.2018 11:54 Chop etish versiyasi

Ham ziyorat, ham sayohat. BADIHA

Ham ziyorat, ham sayohat. BADIHA
Jaloliddin Rumiy hazratlarini Yer yuzidagi barcha shoirlar sultoni deyish mumkin. Zero, Abdurahmon Jomiy hazratlari u zot haqida, “Payg‘ambar emas, lekin kitobi bor,” deya umumbashariy ta’rif aytgan edilar. 

Haqiqatdan ham, Jaloliddin Rumiy kitoblari, Qur’on, Hadisi sharifdan so‘ng eng ko‘p o‘qiladigan kitoblardan bo‘lsa ajab emas. Kitobki, kishini sehrlaydi, rom etadi, o‘ziga asir aylaydi, qalbga o‘zining bir umrlik muhrini joylaydi.

Jaloliddin Rumiy asarlarini tahlil qilishga, tasnif qilishga, ta’riflashga ojizman. Uning asarlari mening aqliy qobiliyatim, tafakkur salohiyatim, idrok etish xosiyatimdan yuqori darajadagi cheki yo‘q ummonki, avvalboshdanoq bu zaifligimni oshkor etishga majburman. Shul sababdan, ushbu risolani Jaloliddin Rumiy asarlari olamiga ziyorat deb emas, bor yo‘g‘i Jaloliddin Rumiy yashagan, ijod qilgan, hayoti kechgan ulug‘vor shahar – Ko‘nyoga safar, deya qabul qilishlaringizni so‘rayman.

Jaloliddin Rumiy hazratlarini ziyorat qilish, qo‘l yetmas orzuday tuyulgan edi. Ammo, Xudoga oson ekan. Meni, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat mudiri Josim Chalabey janoblari bilan do‘stlashtirdi. Josim Chalabey o‘zbek va turk xalqlarining qadim qadimdan bitta millat, bir otaning ikki farzandi, aka-uka, qon qardosh, qavmu-qarindosh ekanligini yaxshi bilganidan, Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarini sevganidan istaklarimni ro‘yobga chiqishida oliyhimmatlik iznini tutdi va men safarga otlandim.

Ko‘nyo, eramizdan 7500 yil avval Yer yuzida paydo bo‘lgan shahar ekan. Aytishlaricha, Yer sharida hech qachon hayot chirog‘i so‘nmagan yagona shahar, Ko‘nyo ekan. Eng qadimgi bitiklarda Ko‘nyo shahri bot bot eslanib turiladi. Hatto u muqaddas kitob Bibliyada ham bir necha bor eslatib o‘tiladi. Sharq xalqlarida Aflotun deya ehtirom ko‘rsatiluvchi buyuk donishmand Platon ham Ko‘nyo shahrida yashagani ko‘p tarixiy manbalarda ta’kidlanadi.

Lekin biz uchun eng muhimi bu yerda Jaloliddin Rumiy hazratlarining yashab o‘tganidir.

Jaloliddin Rumiy Xorazmshohlar poytaxti Balx shahrida 1207-yil 30-sentabrda ulamolar sultoni shayx Muhammad Bahouddin Valad xonadonida tavallud topdi. Uning onasi Muhammad alayhissalom avlodlaridan, xorazmlik sayyida, Balx amiri Ruhiddinning qizi Mo‘mina Xotun edi. Bahouddin Valad 1212-yil Mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng Balxni tark etib, xaj safariga otlanadi, so‘ngra Iroqu Ajam shaharlarini kezib, turkiy qavm saljuq sultonlari tomonidan yuksak izzat ikrom bilan kutib olingach, Saljuq saltanatining poytaxti Ko‘nyo shahrida qo‘nim topadi. Hazrat Bahouddin Valad bir necha yil Ko‘nyo shahriga bosh mudarris bo‘lib xizmat qiladi, uning vafotidan so‘ng bu oliy martabaga zukko Jaloliddin Rumiy lozim topiladi.

Bugungi kunda Ko‘nyo shahrida ikki milliondan ortiq aholi yashaydi. Yil davomida Jaloliddin Rumiy hazratlari xoki turobini tafov etish uchun dunyoning beshta qit’asidan keluvchi ziyoratchilar oqimi to‘xtamaydi. Ammo har yili dekabr oyida bu oqim bir necha barobarga ko‘payadi. Chunki, 17-dekabr, alloma vafot etgan kunda bu yerda ulkan anjuman bo‘lib o‘tadi. Shab’i arus deb nomlanuvchi bu oliy izdihomda Turkiya Prezidentining shaxsan o‘zi qatnashadi. So‘fiylik raqslari ijro etiladi. Mavlononing she’rlari o‘qiladi, qo‘shiqlari ijro etiladi. Shuningdek, Qur’oni karim tilovat qilinadi. Olis yurtlardan kelgan olim-u ulamolar, shoir-u fuzalolar bir nuqtada birlashishadi.

Mening ham safarim 2017-yil 17-dekabrga to‘g‘ri keldi.

Ko‘nyo shahri dengiz sathidan ming metr balandlikda joylashgan bo‘lsada dekabr oyi bo‘lishiga qaramay, havo sovuq emas edi. Shaharga yaqinlashib borar ekanmiz, e’tiborimni tortgan birinchi narsa, osmonning musaffoligi-yu, bulutlarning go‘zalligi, samo kengliklarida oppoq bulutlarning jilolanishi, ko‘k va oq ranglarning odamning bahri dilini yozib, tovlanishi edi. Ha, shahar rostdan ham osmonlarga tutashib ketgan edi.

To shaharga kirib borgunimizcha qorong‘u tushdi. Men Jaloliddin Rumiy maqbarasini ziyorat qilishga shoshilar edim. Mehmonxonaga joylashib oldimda kech bo‘lishiga qaramay, maqbara sari oshiqdim.

Muhtasham saroy ulkan va rang barang chirog‘lar yog‘dusi qurshovida salobat bilan qad kerib turardi. Tilimda beixtiyor Qur’oni sharif kalimalari aylana boshladi. To holdan toyib yiqilar darajaga kelguncha saroy atrofida yurdim. Qur’oni karimni to‘xtatmadim... Xudodan ko‘p narsani so‘radim. Va shu yerda bildimki, Xudodan so‘ramaydigan narsamizning o‘zi yo‘q ekan. O‘zbekistonga tinchlik so‘radim, xalqimizga farovonlik, yurtboshimizga adlu-insof, onamga sog‘lik, farzandlarimizga barkamollik, ishlarimizga fayzu-baraka, yoru-birodarlarimizga omonlik, ijodimizga parvoz, hayotimizga to‘kin sochinlik, bemorlarimizga shifo, yo‘qsillarimizga bo-yu badavlatlik, ehtiyojmandlarimizga moliyaviy yordam, ma’naviy qashshoqlarimizga donishmandlik, boshpanasizlarga mustahkam uy, farzandsizlarga serfarzandlik, kam ta’minlanganlarga serdavlatlik so‘radim...

Jaloliddin Rumiy Olloh suygan, Olloh iqbolini baland qilgan, Olloh o‘z marhamatini ayamay bergan ulug‘ alloma. Qiyomatda shu bandangni mushkulini oson qil, shu suyukli bandang qatorida bizlarni ham mag‘firat ayla, karamingni ayama, aziz avliyolaringni ruhini shod qil, azizlaringni siylaganingda biz gunohkorlaringni ham unutma, tavbalarimizni qabul qil.. – deya so‘radim.

Jaloliddin Rumiy qabri Qur’on oyatlari tilla harflar bilan yozilgan zar qubba bilan o‘ralgan hashamatli qabr ekan. Qabrning eng yuqori qismiga ikkita sallasimon yashil soqqa, kiygizdan tikilgan bosh kiyim qo‘yilgan. Qabrning atrofi ziyoratchilar bilan hamisha gavjum. Ziyoratchilar tinmay Qur’on o‘qib, duo qilishadi. Chet ellik ziyoratchilar ham duoga som’e turishadi. Ko‘zlarida yosh qalqiydi. Mavlono haqqiga duo qilar ekanman, o‘pkam to‘lib, o‘zimni yig‘idan bazo‘r ushlab qolardim. Lablarimda, Jaloliddin Rumiy hazratlarining ushbu satrlari bot-bot takrorlanardi: 

“Saxovatda, himmatda
Oqar daryo kabi bo‘l.
Shavqat va marhamatda
Yorug‘ quyosh kabi bo‘l.
O‘zgalar aybini yop,
Qorong‘u tun singari,
Jahlu g‘azabing kelsa,
Bo‘lgin o‘lik singari.
Kamtar kamsuqumlikda, 
Mayin tuproq kabi bo‘l,
Mehr va muhabbatda,
Cheksiz dengiz kabi bo‘l,
Asling singari ko‘rin,
Yo ko‘ringaning kabi bo‘l.” 

Ko‘nyo shahrida yetti kun bo‘ldim. Shaharning qaysi qismida bo‘lishimdan qat’iy nazar peshinni Jaloliddin Rumiy maqbarasiga devor darmiyon turgan Aziziya jom’e masjidida o‘qidim. Ko‘nyoliklar imom A’zam mazhabida nomoz o‘qir ekanlar. Shuning uchun, nomoz o‘qishda hech bir farqni ko‘rmadim. Jaloliddin Rumiy hazratlarining ruhi meni ohanrabo bilan chorlayverardi. Zotan u zoti barakotning shunday satrlari tilimdan hech nari ketmas edi:

“Yana kel, kel...
Kim bo‘lsang – o‘sha bo‘l,
Xoh kofir, xoh ma’jusiy, xohi butparast.
Mayli, yuz karra tavba qilgan bo‘l,
Mayli, yuz karra buzgan bo‘l tavbani.
Umidsizlik dargohi emas bu dargoh,
Qanday bo‘lsang – shundayicha kelaver.”

Mavlononing ziyoratiga kelgan turli millat vakillarini, ruslarni, koreyslarni, inglizlarni ko‘rib, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romanidagi Mavlono vafoti munosabati bilan yozgan bir lavhasi xayolimga keldi: Turklar va forslar, yunonlar va yahudiylar, armanlar va slavyanlar – hamma shoir bilan vidolashishga kelgan, har kim o‘z rusumida vidolashardi. Shu chog‘ amirul umaro: “O‘z shayxini dafn etayotgan ahli mo‘min ichra nasroniy va yahudiylar ne qilur?”, – deb ularni haydashni so‘radi. Biroq bu befoyda edi. “Quyosh Yer yuzini yoritgandek, mavlono haqiqat nuri ila butun bashariyatni munavvar etmish. Quyosh hammaning mulki!” – dedi nasroniylar ruhoniysi. “Mavlono – non kabidirlar. Non hammaga zarur. Amirim, ochlarning nondan yuz o‘girib ketganini qayda ko‘rgansiz?”– dedi yahudiylar ravvini.” 

Ha, toki Mavlononing asarlari mavjud ekan, Yer yuzida barcha xalqlar teng maqomda turaveradi, do‘stlik, ahillik, tinchlik totuvlik kuylanaveradi, barcha insoniyat Olloh yaratgan bandalar ekanligi ta’kidlanaveradi. 

Shu o‘rinda, Jaloliddin Rumiy hazratlari aytgan ibratli so‘zlardan bir ikkita namuna keltirishni lozim topdim: “G‘ayrating qanotingdir”, “Go‘zal kunlar kelishini kutma. Unga tomon bormoqni hech unutma”, “Achchiq gapirgan inson do‘st emas, achchiqni shirin qilib gapirgan inson, do‘stdir”, Har ishni xayr, har kechani qadr, har kelgan kishini Xizr deb, bil”, “Ko‘nglingni poklamabsan-ku, tinmay tahorat olganing nimasi?”, “Har aka uka do‘st bo‘lmasligi mumkin, ammo har do‘st aka ukadir”.

Ko‘nyoga borganimning uchinchi kuni o‘n mingga yaqin odam yig‘ilgan ulkan inshootda Shab’i Arus oqshomi bo‘lib o‘tdi. Oqshomda muhtaram Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on janoblarining o‘zlari qatnashdi. Prezident kirib kelganlarida muhtasham saroy birdan jonlandi. Hamma harakatga tushib qoldi. Men ham Prezident janoblarining e’tiborini o‘zimga qaratish uchun jonim boricha qo‘limni silkitdim. Bir qo‘limda Buxoro amirlari kiyadigan qimmatbaho zarbof to‘n bor edi. Imkon topsam Prezidentning yelkasiga tashlamoqchi edim. Ammo, Prezident o‘ziga belgilangan joyga chiqib ketdi. Muxbirlar har tomonga tarqaldi. Men Prezident qarshisida bir o‘zim qoldim va yana unga qarab qo‘l silkitdim. Shunda Prezident joyidan siljidida, menga qarab qo‘l ko‘tardi va qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, boshini qimirlatdi, salomimga alik oldi. Men millat darg‘asining e’tiboriga tushganimdan xursand bo‘lib, qo‘limni ko‘ksimga qo‘ydim va ta’zim qildim. Qo‘limdagi sovg‘ani yoyib ko‘rsatdim. Prezident, bu yoqqa keltir, ishorasini qildi. Men, u tomonga intildim. Darrov soqchilar yugurib kelib, qo‘limdagini nazoratdan o‘tqaza boshladi. Hidladilar, rengentga soldilar. O‘zimni ham hamma joyimni paypaslab tekshirdilar. Nazoratdan o‘tib bo‘lganimda, kech bo‘lgan, nutq so‘zlash uchun Prezidentni minbarga chorlashayotgan edi.

Prezident qog‘ozga qaramay 30 minutga yaqin nutq so‘zladi. Qur’oni karimdan besh marta arab tilida oyat misol keltirdi, Mavlono Jaloliddin Rumiy masnaviylaridan yod aytdi, Quddus, Makka va Madinadan keyin turguvchi musulmonlarning eng muqaddas shahri ekanligi, Quddusni yahudiylarga hech qachon berib qo‘ymaslik kerakligini, Quddusi sharif Payg‘ambarimiz ilk bor me’rojga ko‘tarilgan joy ekanligi, musulmonlar ilk bor Quddusga qarab nomoz o‘qishganlari, toki tanda jon bor ekan, hech qachon Quddusni yahudiylarga topshirib qo‘ymasligini, agar yahudiylar, bugun Quddusni olsa, ertaga Istanbulni, indinga Ko‘nyoni olishni istab qolishini aytdi va bunday razolatga Turkiya hech qachon jim qarab turmasligini shiddat va shijoat, kishilarni o‘ziga rom etuvchi yuksak voizlik mahorati bilan aytdiki, uning juda katta iqtidor va aql idrok egasi ekanligi yaqqol ko‘rinib turardi. Prezident so‘zini tugatgach gulduros qarsaklar, olqishlar, hayqiriqlar yangradi. Prezident so‘zini tugatgach barchadan uzr so‘rab davrani tark etdi. Shundan so‘ng musiqa yangrab Shab’i Arus boshlandi.

Avvaliga uzoq vaqt nay navosi yangradi. Aytishlaricha Rumiy hazratlarining o‘zlari ham nay chalishni maromiga yetqazgan, nay sehri orqali odamlar yuragini mumday eritib, bu dunyo g‘am tashvishlaridan butunlay ozod etar, yuraklarida Haq taologa muhabbatdan o‘zga hech narsa qoldirmas ekanlar.

Keyin sahnaga Haq taologa zikr qiluvchi mavlaviylar asta sekinlik bilan chiqib kela boshladi. Qur’on tilovat qilindi. Yana sohir musiqa navolari yangray boshladi. Musiqa sadolari ko‘hna tarix qa’ridan yangrab kelayotganday edi-ki, agar menga hozir kimdir bundan sakkiz yuz yil avval Jaloliddin Rumiy hazratlari davrasida ham ushbu musiqa sadolari xuddi shu ohang, shu navo, shu jilolarda yangrab turgan desa, hech shubha qilmay ishongan, davrani to‘ldirib zikr tushayotganlar, xuddi shu bugungiday o‘sha davrda ham samo raqslarini ijro etishgan desa, ha, shunday deya javob bergan bo‘lar edim. Raqs tushuvchilar, Haq taologa zikr tushayotganlar, sahna o‘rtasida, o‘n ming ishtirokchi ko‘z oldida, usti yopiq ulkan saroyning qoq markazida dillarni larzaga keltirib, ohista ohista tebranayotgan, mayinlik va parday yengillik bilan harakatlanayotgan bo‘lsalar-da, negadir ular menga pastda, sahna o‘rtasida emas, ko‘k toqida raqsga tushayotgan oppoq farishtalarday tuyulayotgandi. Go‘yoki ko‘k toqiga oppoq choyshab to‘shalgan-u, shu choyshab uzra o‘ttizta farishta mavlaviylar libosida musiqa sadosiga to‘lg‘onayotgandek. Quloqlarimizga selday oqib kirayotgan musiqa sadolari qalblarimizni kirlardan, gunohlardan, dardu-alamlardan, tashvishu o‘kinchlardan, kek-u o‘chakishlardan xalos etayotganday, yuragimizni yuvayotganday edi.

Bu musiqa sadolari bir necha kun idrokimni qayerigadir joylashib olib aks sado berib turdi.

Nihoyat oradan yetti kun o‘tib Ko‘nyo bilan, Jaloliddin Rumiy hazratlari yashagan, ijod qilgan azim shahar bilan vidolashish fursatlari yetib keldi. Shu o‘rinda, hurmatli o‘quvchi Mavlono hazratlarining avlodlari bugun ham bormikin degan haqli savolni berishlari tabiiy. Ha, bor ekan.

Mavlono Jaloliddin Rumiy ikki bor uylanganlar. Birinchi bor, 1225-yilda, Sharofiddin Lolaning qizi Gavhar Xotunga uylangan, bu xotindan ikki o‘g‘li bo‘lib, o‘g‘illarining ismi Sulton Valad va Alouddin Chalabiydir. Ikkinchi xotinlarining ismi Kerra Xotun bo‘lib, bu xotinidan Muzaffariddin va Amir Olim Chalabiy ismli ikki o‘g‘il va Malika Xotun ismli bir qiz farzand ko‘rganlar. 

Mana bir necha asrlardan buyon Chalabiylar avlodi Ko‘nyoda istiqomat qilib keladi. Shulardan biri Ehson Chalabiy xonim bilan suhbatlashish baxtiga musharraf bo‘ldim. Xonimga uzoq O‘zbekistondan, bugungi kunda Xorazmshohlar Vatani bo‘lgan, ya’ni Xorazmshohlar avlodi bo‘lgan xonimning bobolari yurtidan kelganimning, unga yurtdoshlarimizning alangali salomini keltirganimni aytdim va uchrashuvimizdan benihoya xursandligimni bildirdim. Xonim uchrashuvimizdan shodumonligini, O‘zbekiston ularning ota-bobolarining muqaddas yurti ekanligini ko‘zida yosh, qalbida quvonch bilan ta’kidladi. Yurtdoshlarimizga yetqazish uchun video tasmaga uning dil izhorlarini muhrladim. Ehson xonim juda oqila, zukko va fasohatli ayol ekan. Ancha paytgacha miriqib suhbatlashdik. “Jaloliddin Rumiyga avlod bo‘lish men uchun Ollohning inoyati, yuksak sharaf, katta ma’suliyat va baxt” dedi, - Ehson xonim. Ehson xonim bilan bir birlarimizga sovg‘alar va hadyalar ulashdik. Xonimni O‘zbekistonga taklif etdim, xonim taklifimni bajonidil qabul qildi.

Har xayrli ishning boshi bo‘lganiday, so‘nggi ham bor. Qaynoq mehru-muhabbat bilan Ko‘nyodan uzoqlashar ekanman, bu shahardan nafaqat ulkan taassurotlar bilan qaytdim, balki bir qancha do‘stlar orttirdim, qalbi pok va idroki yuksak insonlar bilan tanishdim, Shamsi Termiziy maqbarasini ziyorat qildim, ming yillar narisidan hikoya qiluvchi qal’alarni borib ko‘rdim, savlat to‘kib turgan ulug‘vor qo‘rg‘onlarni suratga oldim, necha yuz yillar avval qurilgan jom’e masjidlarida nomoz o‘qidim, o‘tganlarni va bugun yashab turgan insonlarni haqqiga duoi fotiha qildim. Kitoblar oldim. Shahardan chiqib ketar ekanman, ko‘nglimda bir taskin bor edi. Bu so‘zni bir necha bor ovoz chiqarib takrorladim. Bu so‘z Jaloliddin Rumiy hazratlarining ushbu so‘zlari edi: “O‘limimizdan so‘ng qabrlarimizdan bizni izlamang. Biz orif ko‘ngillarda yasharmiz. Bizni donishmandlar qalbidan izlang!”

photo5280712335847172359.jpg

Muhammad Ismoil

O'zA
1 516