Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 20:26 Chop etish versiyasi

Ham harbiy, ham musavvir

Ham harbiy, ham musavvir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida iste’dodli ijodkor Iqbol Ilhomovning «Bu mening Vatanimdir» deb nomlangan ko‘rgazmasi ochildi.

Iqbol Ilhomov ham harbiy, ham rassom. Ona Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilish barobarida Iqbol tasviriy san’at sohasida ham ijod qilishni unutmadi. U harbiy hayotni muqaddas bildi, o‘z burchini sidqidildan ado etdi, lekin qo‘lidan mo‘yqalamini sira tushirmadi. Ona zaminga, milliy armiyamizga bo‘lgan sof tuyg‘usini va sadoqatini bo‘yoqlarda tasvir etdi. Shu tariqa uning turli janrlardagi kartinalari yuzaga keldi.

9.JPG

Iste’fodagi podpolkovnik I.Ilhomov ekspozitsiyasidan joy olgan yurtimiz jamoli, tarixiy obidalar va tabiat manzaralarining tasviri tushirilgan asarlari ana shunday mehnat natijasidir. Musavvir ko‘rgazmani barchamiz uchun qutlug‘ va aziz sanalar – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishladi.

6.JPG

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida o‘sib-ulg‘aygan Iqbol rassomlik bo‘yicha ta’lim olgan. Harbiy xizmatni a’lo darajada bajargan yosh yigitning ahdi qat’iy bo‘ldi. Avval tizimdagi tashkilotlarda musavvirlik qildi. Keyinchalik harbiy sohada bilimini mustahkamlab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida shartnoma asosida harbiy xizmatni o‘tadi.

Ustozi Rahimjon Rizamuhamedovning ta’kidlashicha, Iqbol Ilhomov ko‘ngil mulki bo‘lgan ijodini o‘ziga va o‘zgaga ham ulasha oldi. Uning asarlarida borliq va tabiat, tarix va bugungi hayot manzarasini namoyon etib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlayotgani ham aslida shundan.

Nasiba Ziyodullayeva, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
8 697