Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.10.2017 16:08 Chop etish versiyasi

Hafta davomida qidiruvda bo‘lgan 23 nafar shaxs ushlandi

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 12-oktabridan 19-oktabriga qadar hududda sodir etilgan 126 jinoyatning 110 tasi tezkor fosh etilgan. Hafta davomida qidiruvda bo‘lgan 23 nafar shaxs ushlangan.

Profilaktika inspektorlari Bekobod, Chirchiq shaharlari, Bo‘ka, Yangiyo‘l, Piskent tumanlarida o‘tkazgan tadbirlarda fuqarolar tomonidan arzimas sabab tufayli bir-biriga og‘ir tan jarohati yetkazish holatlari uchrayotgani, bezorilik, o‘g‘rilik, firibgarlik va avtotransport vositasini olib qochish kabi jinoyatlar sodir etilayotgani aniqlandi.

Ushbu holatlarning oldini olish bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Angren shahar transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida “Ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish – muhim masala” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi. Unda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar qanday noxush oqibatlarga olib kelayotgani haqida o‘quvchilarga ma’lumot berildi. Jinoyatlar oqibati tahlil qilinib, mavzuga doir film namoyish etildi.

Mamlakatimizda haftaning har chorshanbasi yong‘inlar profilaktikasi kuni sifatida o‘tkazilishi munosabati bilan joriy yil 11-oktabrdan 18-oktabrga qadar viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Profilaktika tadbirlari doirasida 157 xonadon, 77 tashkilot, idora va ta’lim muassasasida tekshiruvlar o‘tkazildi. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan shaxslar ma’muriy jarimaga tortildi, yong‘in kelib chiqish xavfi bo‘lgan bino va inshootlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Viloyatda hafta davomida 31 yong‘in sodir bo‘lib, fuqarolar tan jarohati olmadi.

Viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan Toshkent tumanidagi “Mehnat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yong‘in xavfsizligiga tayyorlik darajasi tekshirilib, korxona ishchilari ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Mutaxassislar yong‘inlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish tartib-qoidalari, fuqarolarning hayoti va sog‘ligi uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar berdi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 044






Все о погоде - Pogoda.uz