Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 12:28 Chop etish versiyasi

Gulistonda bir guruh yurtdoshlarimizga fuqarolik pasportlari topshirildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-fevraldagi farmoniga asosan O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan yurtdoshlarimiz qatorida sirdaryolik Nigora Toirova ham bor.

Gulistonda O‘zbekiston fuqaroligi berilgan bir guruh yurtdoshlarimizga O‘zbekiston Respublikasining pasporti tantanali ravishda topshirildi.

Nigora asli Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan. O‘sha yerda o‘rta maktabni tamomlagach, O‘zbekistonga kelib, Yangiyer shahar tibbiyot kollejiga o‘qishga kirdi. 2011-yil kollejni bitirgach, shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonada amaliyot o‘tadi.

– O‘zbekistonda ta’lim olish, kasb-hunar egallash va, eng asosiysi, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishni bir umr orzu qilganman, – deydi Nigora. – Yangiyer shahar markaziy shifoxonasida amaliyot o‘tab, shu yerda ishga qabul qilindim.

Nigora Yangiyer shahrida Shukurullo Nasriddinov bilan turmush qurdi. Mahalla ahli, Shukurulloning ota-onasi Nigorani o‘z qizlaridek qabul qildi.

– Shukurullo yolg‘izgina farzandimiz, – deydi Payvasta opa Nasriddinova. – Kelinim ko‘nglimdagidek chiqdi. Mehnatsevar, shirin so‘z, mehribon. Asli qayerda tug‘ilgan bo‘lsa ham, ota-ona uchun farzandining baxti muhim. Nigoraxon kelin emas, qiz bo‘lib kirdi uyimga. Endi mana O‘zbekiston fuqaroligini ham oldi. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

– Men ham ozod O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosi bo‘lganimdan quvonchim ichimga sig‘may ketyapti, – deydi Nigora. – Viloyat hokimi qo‘lidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini olar ekanman, qalbim faxr-iftixorga to‘ldi. U yoqda mening O‘zbekiston fuqaroligini olganimni eshitgan onamning quvonchini aytmaysizmi?! Menga dunyoning eng tinch, eng farovon va eng obod o‘lkasi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish baxtini bergan Prezidentimizga ming rahmat. O‘zbekistonimizning tinchligi, taraqqiyoti, xalqimizning salomatligi uchun hayotimni bag‘ishlashga tayyorman.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
1 588






Все о погоде - Pogoda.uz