Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 17:37 Chop etish versiyasi

Giyohvandlikning oldini olish choralari muhokama qilindi

Mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Giyohvandlikning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar shu maqsadga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida «Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarga qarshi kurashning milliy va xorijiy tajribasi: bugungi holati va qonunchilikni takomillashtirish istiqbollari» mavzuida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.Matmurodov, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i B.Matlyubov va boshqalar mamlakatimizda giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat tizimi shakllanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazidan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda bu ofatga qarshi kurashuvchi alohida tizim ish olib bormoqda. Sohaga oid faoliyatni davlat darajasida muvofiqlashtirish uchun idoralararo organ – Davlat komissiyasi faoliyat yuritmoqda.

Milliy qonunchilikda giyohvandlikka oid jinoyatchilikning oldini olish, bu borada huquq-tartibot idoralari hamkorligi, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolash va boshqa muhim masalalarning huquqiy asoslari mustahkamlangan. O‘zbekiston 1995-yilda BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan va unda belgilangan vazifalarni to‘la bajarib kelmoqda.

Mutaxassislar fikricha, giyohvandlik – tez tarqalish xususiyatiga ega bo‘lgan og‘ir kasallik bo‘lib, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy muammolar keltirib chiqarishi bilan birga, unga vaqtida e’tibor bermaslik jamiyatga katta ziyon keltirishi muqarrar. Shuning uchun «asr vabosi» nomini olgan bu baloi ofatga karshi kurashish dolzarb ahamiyatga molik.

Mamlakatimizda giyohvandlik profilaktikasi sohasida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Keyingi yillarda narkologik ro‘yxatga olingan bemorlar soni keskin kamaygan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan narkotik moddalarning mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan kirib kelishi va tranzitining oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish borasida ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Narkologiya dispanserlari vrach-mutaxassislari va narkotik moddalarning g‘ayriqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor xodimlar ishtirokida o‘tgan uchrashuvlarda hayotiy misollar vositasida yoshlar ogohlikka chaqirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishning ijtimoiy xavfliligi, ana shunday qilmishlar uchun javobgarlik asoslari, bu borada xorijiy davlatlar tajribasining ahamiyati kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
11 153






Все о погоде - Pogoda.uz