Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.04.2018 15:58 Chop etish versiyasi

Gidroponikaning afzalligi nimada?

Namanganda meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali xarajatlarni kamaytirish va hosildorlikni oshirish, gidroponika usulida issiqxonalar tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, viloyat bojxona boshqarmasi, tijorat banklari va tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda issiqxonalardan samarali foydalanish, yangilarini qurish va mavjudlarini yanada takomillashtirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

– Gidroponika texnologiyasi qishloq xo‘jaligida hosildorlik va tejamkorlikka erishish yo‘lidagi innovatsion texnologiyalardan biridir, – deydi Namangan viloyati iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.Narzullayev. – Bugungi kunda mamlakatimizda gidroponik usulda issiqxonalar tashkil etish keng yo‘lga qo‘yilmoqda va bu yangi texnologiya o‘z samarasini berayotir.

Xo‘sh gidroponikaning afzalligi nimada?

– Bunday ixcham va samarador issiqxonalarning birinchi afzalligi shuki, bu texnologiya asosidagi dehqonchilikda maxsus unumdor yer maydoniga zarurat bo‘lmaydi, – deydi “Mexmash” aksiyadorlik jamiyati vakili D.Mamatqulov. – Jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan tizim orqali boshqariladi. Tejamkor energiya, sug‘orish va oziqlantirish tizimi mavjudligidir, eng asosiysi, bunday issiqxonalar hosildorligi oddiylariga nisbatan yuqori. Tomchilatib sug‘orish tizimi orqali ozuqa eritmalari o‘simlik ildiziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beriladi. Tuproqdagi kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash, yerni ekishga tayyorlash, yerni organik o‘g‘itlar bilan boyitish, ishlov berish, sug‘orish uchun egatlar ochish, mineral o‘g‘itlar sepish, begona o‘tlarga qarshi kurashish tadbirlari talab qilinmaydi. Mineral o‘g‘itlarning samaradorligi yuqori bo‘ladi, suv 60-70 foiz tejaladi.

Ko‘rgazmali seminarda bojxona, bank muassasalari vakillari tomonidan yangi texnologiya asosida issiqxona tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlar uchun bojxona to‘lovlari va kredit mablag‘lari ajratish borasidagi imtiyozlar xususida tushuncha berildi.

A.Sattorov, O‘zA
2 787