Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 14:27 Chop etish versiyasi

Germaniyalik shifokorlar Namanganda bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi

Namanganda Germaniya Federativ Respublikasidan kelgan bir guruh tajribali shifokorlar bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida ilg‘or xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik amaliyotlariga ham keng o‘rin berilib, istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan tibbiy ko‘riklar fikrimizning yorqin dalilidir. Mazkur hujjatga muvofiq, nemis shifokorlari tug‘ma yurak nuqsoni bor, nogiron bemor bolalar salomatligini tiklashga amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Ayni paytda 35 bemor bola Germaniya klinikalarida sog‘lomlashtirilmoqda.

Namangan viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik ham bu boradagi ishlarning uzviy davomidir. Tadbirda germaniyalik malakali mutaxassislar alohida tibbiy yordamga muhtoj bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra, tug‘ma nogiron va bemor bolalar tezkor davolash uchun saralab olindi. Harakat tayanch tizimining tug‘ma irsiy kasalliklari, jarohat asoratlari, ovqat hazm qilish tizimida tug‘ma nuqsoni bor va boshqa kasalliklar bo‘yicha jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezayotgan kam ta’minlangan oilalar farzandlari alohida ko‘rikka jalb qilindi.

– O‘zbekiston aholi salomatligini muhofaza qilishga doimiy e’tibor qaratib, bu borada salmoqli yutuqlarga erishayotgan davlatlardan biridir, – deydi Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti direktori o‘rinbosari Kevin Daxlbruk. – Shu bois uzoq istiqbolga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik biz uchun ham maqsadga muvofiq. Ushbu kelishuvimiz ijobiy samaralar berayotganidan mamnunmiz. Kelgusida bolalar salomatligini mustahkamlash borasidagi hamkorligimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.

Tibbiy ko‘rik davomida bir guruh bolalarni mamlakatimiz shifoxonalarida sog‘lomlashtirish uchun tavsiyalar berildi.

– Bugungi tibbiy ko‘rikka nabiramni olib kelgandik, uni davolash bo‘yicha zarur maslahatlar oldik, – deydi to‘raqo‘rg‘onlik Sanoatxon Sharipova. – Keksalar, xotin-qizlar, bolalar salomatligi yo‘lida ulkan g‘amxo‘rliklar ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tibbiy ko‘rik davomida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi, bir guruh bemorlarga bepul dori-darmon tarqatildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 064






Все о погоде - Pogoda.uz