Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 12:05 Chop etish versiyasi

Germaniyalik shifokorlar Andijonda bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi

Germaniyalik shifokorlar Andijonda bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi Andijonda Germaniya Federativ Respublikasidan kelgan bir guruh tajribali shifokorlar bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini asrash, tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish, tibbiy muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tizimga joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik bunga yaqqol misoldir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 4-12-aprel kunlari o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, og‘ir deb topilgan bemor bolalar joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun 6 oydan 3-yilgacha muddatga yuboriladi.

– Germaniyalik malakali shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbirda 90 dan ortiq bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati hududiy filiali direktori T.Berdirahmatov. – Ko‘rikda asosan tana tayanch harakat tizimi, tug‘ma yurak nuqsoni, terida kuyish asoratlari, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari xastaliklari bilan og‘rigan 5 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar chuqur tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rikda xorijlik shifokorlar bilan birga, mamlakatimiz mutaxassislari ham ishtirok etdi. Tibbiy tekshiruvlar Germaniyadan keltirilgan tibbiy jihoz va uskunalar yordamida olib borilgani ko‘rikning yanada samarali bo‘lishini ta’minladi. Ko‘riklar yakunida 5 bolaga Germaniyaga borib davolanishi uchun xulosa berildi.

– Maqsadimiz bolalarning salomatligini asrashga ko‘maklashish, o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, – deydi “Friedensdorf International” xalqaro tashkilotining ijtimoiy dasturlar bo‘yicha xodimi Mareyk Yansen xonim. – O‘zbekiston tibbiyot sohasida katta yutuqlarga erishgani guvohi bo‘ldim. Kelishuv doirasidagi hamkorligimiz va olib borayotgan ishlarimiz ijobiy samaralar berishiga ishonaman.

Ko‘rik doirasida shifokorlarimiz va xorijlik mutaxassislar o‘rtasida bolalar xastaliklarini aniqlash, samarali davolash bo‘yicha muloqotlar bo‘lib o‘tdi, o‘zaro tajriba almashildi.

– O‘tgan yili qizim Mumtoza kuyishdan qolgan jarohati tufayli Germaniyada davolanib qaytdi, – deydi Andijon shahri Guliston mahallasida yashovchi Zamira Rahimova. – Bugun xorijlik mutaxassislar qizimni yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazib, davolash samarali bo‘lganini aytishdi. Hozir uning jarohati bitish arafasida. Farzandlarimizning sog‘lom bo‘lishi uchun mana shunday imkoniyatlar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tibbiy ko‘rik davomida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi, bir guruh bemorlarga bepul dori-darmon tarqatildi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
438






Все о погоде - Pogoda.uz