O‘zA O`zbek

06.03.2018 11:01 Chop etish versiyasi

G‘oliblik ikki oilaga nasib etdi

G‘oliblik ikki oilaga nasib etdi Guliston shahrida “Sog‘lom oila” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqada 34 oilaviy jamoa ishtirok etdi.

Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, bolalar va xotin-qizlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish orqali sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Musobaqada sportsevar oilalar jamoaviy estafeta, arqon tortish, shaxmat-shashka, badminton, yugurish, akrobatika elementlari, to‘pni nishonga otish, merganlik, mohir hujumchi va boshqa qiziqarli shartlarda o‘zaro bellashdi. 

2 (1).JPG

O‘lmas Alimov hamda Abror Orziqulovlar oilaviy jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.

– Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, ayniqsa, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilayotgan alohida e’tibor sabab ushbu musobaqaning nufuzi yildan-yilga oshmoqda, – deydi Guliston tumanida istiqomat qiluvchi Abror Orziqulov. – Mazkur musobaqaga har yili qatnashamiz. G‘alabaga erishish uchun astoydil intildik. Ayniqsa, qizim Sarvinozning “Eng faol kichik ishtirokchi” nominatsiyasi bilan alohida taqdirlangani juda to‘lqinlantirdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat) O‘zA
8 164