Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.06.2018 19:20 Chop etish versiyasi

G‘o‘zani zinhor cho‘llatib ham, ko‘llatib ham bo‘lmaydi...

Toshkent viloyati mirishkorlari tomonidan joriy yilda 75 ming 800 gektar maydonda paxta va 192 ming 697 gektarda turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. 112 ming 700 gektardan ortiq maydonda takroriy ekin ekish ishlari boshlab yuborildi.

Mamlakatimizda kuzatilayotgan suv tanqisligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat viloyatda qariyb 400 ming gektar sug‘oriladigan maydondagi ekinlarni sug‘orishda o‘ziga xos muammolarni vujudga keltirishi tabiiy, albatta. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda joylashgan suv omborlaridagi suv zaxirasi 2017 yilga nisbatan 7 foizga kamaygan. Xo‘sh, suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish yuzasidan qanday choralar ko‘rilmoqda?

– 2018 yil 29 may kuni Prezidentimiz raisligida suvdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish masalasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, zarur choralar ko‘rilmoqda, – deydi viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh.Narimboyev. – Avvalo, sug‘orish ishlari navbat asosida, eng oxirgi maydondan boshlab amalga oshirilishi tartibi joriy etildi. Suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha har bir tumanda soha vakillaridan iborat shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ekin maydonlarini sug‘orishga tayyorlash bo‘yicha tumanlardagi har 4-5 fermer xo‘jaligiga tizim xodimlaridan mas’ullar biriktirildi. Fermer xo‘jaliklarida esa 5 gektar maydonga bir nafar suvchi jalb qilinib, ular uchun dalaning o‘zida barcha sharoit yaratib berildi.

Suvning har tomchisini maqsadli sarflash, ayniqsa, sohaga suv tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu boradagi dastlabki sa’y-harakatlar 2013 yilda boshlangan bo‘lib, 2018 yilga qadar 50 dona ko‘chma dizel nasos agregati olingan. 1 ming 780 gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Suv tanqisligi kuzatilishi yil boshidan ma’lum bo‘lgan joriy yilda esa, ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Xususan, hududda suvni tejash maqsadida 800 gektar yerda egatga plyonka to‘shab, 2 ming 120 gektar yerda esa o‘q ariqlar o‘rniga egiluvchan quvurlar orqali sug‘orishni joriy etish, 53 dona ko‘chma dizel nasos agregati olish yuzasidan maxsus dastur qabul qilingan. Dastur ijrosi yuzasidan esa tegishli shartnomalar tuzilib, texnologiyalar fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.

Piskent tumanidagi “Agro stimul tex servise” fermer xo‘jaligi rahbari Ganjaboy Matniyozov ham joriy yilda suvni tejash maqsadida egiluvchan quvurlar to‘plamini xarid qildi. Hozir xo‘jalikning 70 gektar yerida barq urib o‘sayotgan g‘o‘za ana shu quvurlar orqali sug‘orilmoqda.

– G‘o‘za juda nozikta’b o‘simlik, – deydi xo‘jalik rahbari. – Uni zinhor cho‘llatib ham, ko‘llatib ham bo‘lmaydi, shashti qaytadi. G‘o‘zani sug‘orishda doim mana shu muammoga duch kelamiz, ya’ni paxtazorning biror joyi ko‘llaydi yoki boshqa joyi suvsiz qoladi. Egiluvchan quvurlar ushbu muammoning ayni davosi bo‘ldi. Ayniqsa, suv tanqis bo‘lgan joriy mavsumda o‘q ariqlardagiga nisbatan suvni 20 foizgacha tejash imkonini bermoqda.

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA
1 073