Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.05.2018 14:25 Chop etish versiyasi

Fuqarolik protsessida sud qarorlarini tuzish metodikasi: Germaniya va Latviyalik ekspertlar ishtirokida xalqaro seminar

Fuqarolik ish yurituvida sud hal qiluv qarorlarini tuzish metodikasi bo‘yicha Germaniya tajribasi ko‘rib chiqildi.

Sud’yalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan hamkorlikda fuqarolik protsessida sud qarorlarini tuzish metodikasi bo‘yicha xalqaro seminar tashkil etildi.

Anjuman ishtirokchilari tomonidan qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlarining qabul qilinishi sud sohasidagi islohotlarning yangi bir bosqichini boshlab berdi.

Keyingi yillardagi keng ko‘lamli sud-huquq islohotlari davlat huquqiy tizimida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadigan uchta kodeks (yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks)ni qayta ishlab chiqishni talab qildi.

2018-yilning 1-aprelidan mamlakatimizda yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi amalga kiritildi. Ushbu kodeks 1997-yil 30-avgustda qabul qilingan avvalgi FPK normalari va qoidalari asosida kodeksda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqildi.

Fuqarolik ish yurituvini tartibga solish va huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida FPKning yangi tahriri yangi boblarni o‘z ichiga oldi.

Xususan, sudda fuqarolik ishlarini yuritish prinsiplari, kelishuv instituti, yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash, voyaga yetmagan shaxsni to‘liq muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya), chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish institutlari shular jumlasidandir.

Avvalgi FPKda arizani harakatsiz qoldirish instituti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda mazkur institut chiqarilib, sudya arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytarish instituti kiritildi.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi FPK fuqarolik sudida ish yuritishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni nazarda tutadi. Bu, o‘z navbatida, insonlarning vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qiladi.

Seminar davomida qatnashchilar fuqarolik ish yurituvida sud hal qiluv qarorlarini tuzish metodikasi bo‘yicha Germaniya tajribasini ko‘rib chiqishdi va uni milliy amaliyotimiz bilan taqqoslab o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, seminarda sud hal qiluv qarorlarini tayyorlash, hal qiluv qarorlarining sifatini tartibga solish bo‘yicha talablar, xalqaro va milliy sudlarimizning tegishli qoidalari va amaliyotiga oid masalalar muhokama qilindi.

Ushbu tadbir fuqarolik sud ishlarini yuritish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish va fuqarolik ishlarini amaldagi FPK normalariga asoslanib ko‘rishda sud’yalarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qildi.

Arslon Eshmurodov

1 301