Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:26 Chop etish versiyasi

Fuqarolarning manfaatlarini ta’minlashga taalluqli qonun loyihalari ko‘rib chiqildi

Ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, sud-huquq islohotlarining borish jarayoniga qabul qilinayotgan qonunlarning ta’sirini kuchaytirishga, qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlarni amalga oshirish asosida makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlashga, tarkibiy va institutsional o‘zgarishlarni chuqurlashtirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning yuqori sur’atlarda barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik faoliyati sifatini tubdan oshirish 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining muhim vazifalaridan biridir.

Joriy yil 1-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlis davomida deputatlar jamiyat va davlat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Chunonchi, Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining tashabbusiga binoan ishlab chiqilgan “O‘rmon to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonunning tuzilmasi bir tizimga solinganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, u zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi modda bilan to‘ldirilmoqda. Chunonchi, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida keltirilgan zararning o‘rnini qoplashlari shart. O‘z navbatida, zararning o‘rnini qoplash aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etmaydi.

Bundan tashqari, bugungi kunda tarkib topgan amaliyotga ko‘ra shaharlar va boshqa aholi punktlarida obodonlashtirish uchun o‘tqazilgan o‘simliklar, shuningdek, tomorqalarda hamda bog‘ uchastkalarida o‘tqazilgan daraxtzorlar va butazorlar davlat o‘rmon fondiga kirmaydi. O‘rmonzorlar barpo etish, – deputatlar ta’kidlab o‘tishganidek, – davlat o‘rmon fondining o‘rmon barpo etilmagan uchastkalarida o‘rmonlar maydonlarini kengaytirishga, daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan o‘rmon xo‘jaligi faoliyatining asosiy shakllaridan biridir.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekoharakat deputatlar guruhi vakillari ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish ishida mustahkam huquqiy asos bo‘lishi to‘g‘risida yakdillik bilan fikr bildirdilar.

Muhokama yakunlariga ko‘ra ushbu qonun loyihasi qabul qilindi va ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborildi.

Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Kodeks loyihasida barcha so‘nggi yangiliklar, shu jumladan, sudlar ishining zamonaviy innovatsion uslublari, sud majlisini audio va video tarzida qayd etish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar ro‘yxatini kengaytirish taklif etilmoqda. Chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni, shu bilan birga yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash haqidagi ishlarni ko‘rish tartibini nazarda tutuvchi boblar kiritilmoqda. Nizolarning tezda ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida sudda ko‘rilishga tegishlilikning umumiy qoidasi o‘zgartirilmoqda. Chunonchi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan da’vo arizalari sudga ularning ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha beriladi, undan tashqari kelishuv tartib-taomillariga bag‘ishlangan yangi bob kiritilmoqda.

Ilgari, joriy yil 19 oktabr kuni mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga qadar maromiga yetkazish jarayonida ishchi guruh tuzilib, uning tarkibiga siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi deputatlari, vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, Oliy sud vakillari, amaliyotchi mutaxassislar, olimlar kiritildi.

Bundan tashqari, keng muhokama etish maqsadida qonun loyihasi tegishli vazirliklar va idoralarga, nodavlat notijorat tashkilotlariga tegishli takliflar va tavsiyalar olish uchun yuborildi. Shuningdek, qonun loyihasi muhokama qilish uchun veb-saytlarga va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi. Kelib tushgan aksariyat takliflar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida inobatga olindi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarining nuqtai nazari bildirildi, mazkur qonun loyihasining muhokamasi o‘zaro manfaatdorlik bilan, bahslar tarzida o‘tdi. Qonun loyihasini muhokama qilish davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati


979






Все о погоде - Pogoda.uz