O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:25 Chop etish versiyasi

“Fuqarolar uchun byudjet” nashri Moliya vazirligi va aholi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi”

“Fuqarolar uchun byudjet” nashri Moliya vazirligi va aholi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi”

Moliya vazirligi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro moliya institutlari ekspertlari bilan birgalikda oʻrta muddatli davr uchun davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish Strategiyasini ishlab chiqdi. Strategiyada respublika byudjet tizimida amalga oshirilayotgan va amalga oshirish moʻljallangan barcha islohotlar yagona kompleks sifatida birlashtirilgan.

“Poytaxt” biznes markazida davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlarining muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda bu borada atroflicha maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, Bank-moliya akademiyasi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar, bir qator xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.

Unda davlat moliyasi haqidagi keng qamrovli maʼlumotlar shaffofligini taʼminlash, natijadorlik va samaradorlikka oʻtish boʻyicha soliq-byudjet siyosatining strategik masalalari muhokama qilindi.

Amaldagi byudjet tizimidagi muammo va kamchiliklarni hisobga olib, Strategiya loyihasida bir qator ustuvor yoʻnalishlar belgilangan. Jumladan, davlat moliyasi toʻgʻrisidagi keng qamrovli maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash hisobiga byudjet maʼlumotlarining qamrab olinishi, solishtiriluvchanligi va yaxlitligi taʼminlanadi. Oʻrta muddatli byudjetni ishlab chiqish va natijaga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirishga oʻtishda bir yillik byudjet mablagʻlari, davlat investitsiyalarini boshqarish mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, birinchi marta BMT taraqqiyot dasturi bilan xamkorlikda ishlab chiqilgan 2019-yil byudjet koʻrsatkichlariga bagʻishlangan “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri oʻzbek, rus tillaridan tashqari ingliz tilida ham tayyorlandi.

Yigʻilishda mazkur axborot nashrining taqdimoti oʻtkazildi.

– “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri byudjet borasida fuqarolar bilan oʻzaro hamkorlik qilish mexanizmlarining samaradorligini oshiradi, – dedi Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Sherzod Muhammedov. – Har yili chop etishga moʻljallangan “Fuqarolar uchun byudjet” nashri Moliya vazirligi va aholi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Yangi nashrda asosiy eʼtibor fuqarolarni byudjet tizimi, joriy yilga moʻljallangan davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarini shakllantirish va ularning parametrlari haqida keng xabardor qilishga qaratilgan.

Xususan, davlat byudjetining 2019-yilga moʻljallangan daromadi 102 milliard 627,6 ming soʻmni tashkil etgan boʻlib, 2018-yilga nisbatan 65 foizga koʻpdir. Oʻz navbatida, joriy yilda davlat byudjeti xarajatlariga 107 milliard 118,4 ming soʻm ajratilgan boʻlib, bu 2018-yilga nisbatan 72 foizga ortiq. Axborot nashrida bu kabi koʻplab maʼlumotlar va ularning tahlili aks etgan. Hozirda Moliya vazirligi tomonidan davlat moliyasini boshqarish sohasida ochiqlik va oshkoralikni yanada oshirish boʻyicha bir qator ishlar bajarilmoqda. Bu orqali aholi mamlakatimiz moliya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yanada qulay va kengroq axborotlarga ega boʻladi.

Yigʻilishda mutaxassislar tomonidan byudjet masalalariga oid maʼruzalar oʻqildi, taqdimotlar oʻtkazildi. Ishtirokchilar “Fuqarolar uchun byudjet – 2019” nashri loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA
536