O‘zA O`zbek

20.02.2018 08:22 Chop etish versiyasi

Fotoob’ektda zamondosh portreti

Fotoob’ektda zamondosh portreti O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida tashkil etilgan navbatdagi ko‘rgazma “Zamondosh portreti” deb nomlandi. Unda Badiiy ijodkorlar uyushmasi fotorassomlar shu’basi a’zolari Vladimir Jirnov, Vladimir Sokolov, Vladimir Shlosbergning ijodiy ishlari namoyish etilmoqda.

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlangan mazkur ko‘rgazmada zamondoshlarimiz, turli kasb egalarining portretini tomosha qilish mumkin. Ko‘pgina san’at turlarida bo‘lgani singari badiiy fotografiya san’atida ham portret janri murakkabligi va keng tarqalgani bilan alohida e’tiborga ega. Albatta, har bir ijodkor bu janrda o‘zini sinab ko‘rishni istaydi va o‘ziga xos yondashishga harakat qiladi. 

3.JPG

Shu ma’noda fotograflar Vladimir Sokolov, Vladimir Jirnov va Vladimir Shlosberg portretlari bir-birini takrorlamaydi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Masalan, Vladimir Sokolov ijodida erkinlik ustunlik qiladi. Vladimir Jirnov portretlari konsepsiyasida jadal kechayotgan makon va zamon chegaralarida insonlarning bir-biridan uzoqlashib, begonalashib borayotgani yetakchi o‘rinni egallaydi. Vladimir Shlosberg portretlarida esa insonlarning ichki dunyosini ochib berish maromiga yetkazilgan. 

15.JPG

– Bugungi ko‘rgazma meni har jihatdan quvontirdi, – deydi fotorassom Abdug‘ani Jumayev. – Chunki bu ijodkorlarimiz badiiy fotografiya san’atining yetakchi namoyandalaridan. Uchchala Vladimirni ham yaxshi bilaman. Ijodini kuzatib boraman. Ular ijodkorlik, keng nuqtai nazar va tajriba sabab bir-biridan yaxshi va mushohadali portretlarni yaratmoqda. Ekspozitsiyaga qo‘yilgan “Vladimir Burmakin”, “Akmal Nur”, “Vladimir Sokolov”, “Lo‘li ayol Vera” kabi portretlar ularning haqiqiy mahorati hamda fotoapparatdan unumli foydalana olgani bu fikrimning isbotidir.

19.JPG

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
7 516