Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.10.2017 15:14 Chop etish versiyasi

Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling

Mamlakatimizda haftaning har payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rganish hamda uning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi brifingda so‘nggi haftada sodir etilgan jinoyatlar, ularning sabablari tahlil etildi.

Joriy yilning 5-oktabridan 12-oktabriga qadar poytaxtimizda 10 jinoyat qayd etilgan, ular “izi yo‘qolmasdan” fosh qilingan. Hafta davomida qidiruvda bo‘lgan 36 jinoyatchi qo‘lga olingan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bedarak yo‘qolgan 6 shaxs aniqlanib, yashash manziliga qaytarilgan.

2017-yil 10-oktabr kuni fuqaro I.Matjonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining “102” tizimiga noma’lum shaxslar tomonidan Yunusobod tumani hududida unga nisbatan talonchilik jinoyati sodir etilganligi haqida xabar bergan.

Mazkur xabarga asosan, Ichki ishlar bosh boshqarmasining tergov-tezkor guruhi xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyat S.Rahimov, J.Jo‘rayev, S.Komilov va voyaga yetmagan I.Yo‘ldoshev tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, S.Rahimov o‘zi operator sifatida ishlab kelayotgan “Paynet” shoxobchasida kundalik pul tushumini talon-taroj qilishni maqsad qilgan. Ushbu jinoiy rejani amalga oshirish uchun tanishlarini jalb etgan. Ular mazkur “Paynet” shoxobchasiga kun davomida tushgan pul mablag‘larini kassaga topshirish uchun olib ketayotgan fuqaro I.Matjonovning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, uning qo‘lida bo‘lgan 2 million 500 ming so‘m mablag‘ni talonchilik yo‘li bilan egallagan va hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Joriy yil 10-oktabr kuni tungi soat 02:30 da muqaddam bezorilik jinoyatini sodir etganli uchun sudlangan M.Rajabov Chilonzor tumani hududidagi “London” nomli tungi klub oldida fuqaro A.Yodgorovdan 1 million so‘m miqdordagi mablag‘ni tortib olgan va hodisa joyidan yashiringan. Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar samarasida jinoyatchilar qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida olib borilgan tezkor tadbirlar oqibatida 17 holat aniqlangan. Toshkent shahriga kirib kelish postlarida hafta davomida 6 kilogramm 674 gramm giyohvandlik vositasi aniqlangan.

Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarining oldini olish maqsadida olib borilgan tadbirlar tufayli yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan 20 ming 643 qoidabuzarlik aniqlanib, tegishli ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Hafta davomida 26 yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida Toshkent shahridagi o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar tomonidan dars jarayonlarini o‘zlashtirib borish holatlari yuzasidan 66 marotaba “Davomat” tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlar davomida 60 kollej, litsey va maktab o‘quvchilari turli sabablarga ko‘ra dars mashg‘ulotlarida qatnashmayotganligi aniqlanib, ta’lim muassasalariga qaytarildi.

Jamoat joylarida va oila-turmush doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida sudlar tomonidan jamoat tashkilotlari va profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda 43 huquqbuzarlik sayyor sud majlislarida muhokama etilgan.

Anjumanda 2017-yil 9 oyi davomida deyarli barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar 12 foizga kamaygani ma’lum qilindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 668






Все о погоде - Pogoda.uz