Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 17:35 Chop etish versiyasi

Faxriylarni e’zozlash – farzandlik burchimiz

Mamlakatimizda keksalarga, jumladan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularga munosib turmush sharoiti yaratish, moddiy-ma’naviy rag‘batlantirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 4-aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida ham 9-may – Xotira va Qadrlash kuniga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, bugun safimizda bo‘lgan 157 nafar urush qatnashchisi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularning holidan xabar olinmoqda, sovg‘a-salomlar berilmoqda.

Yaxshi gapning qanoti bor, deyishadi. Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni ularning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Yuksak e’tibordan behad shodlangan nuroniylar bunday g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, Yaratgandan tinch-osoyishta va farovon hayotimiz barqaror bo‘lishini so‘rab duo qilmoqda.

– Prezidentimiz tomonidan keksalarga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli o‘zimizni yanada tetik va bardam his qilmoqdamiz, – deydi Toshloq tumani Shodlik mahallasida yashovchi Odil ota Zokirov. – Yoshim 96 da. Mahalladagi to‘y va shodiyonalarda ishtirok etaman. Shunday tinch va osoyishta kunlarga yetkazganiga shukronalar aytaman. Turli uchrashuvlarda yoshlarga o‘tmish xotiralarim, hayot tajribam haqida so‘zlab, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni nasihat qilaman. Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirishga oid farmonini o‘qib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Tinch-osoyishta, farog‘atli zamonda yashab, xotirjam hayot kechirishdan ortiq baxt bormi dunyoda?!

– Yoshing o‘tgani sari ko‘proq mehr va e’tiborga ehtiyoj sezarkansan, – deydi Quvasoy shahridagi Muayn mahallasida yashovchi Orif ota Mo‘minov. – Mahalla-ko‘y, turli tashkilotlar, yoshlar holimizdan doimo xabar olib turishadi. Prezidentimizning farmonini nevaramdan eshitib, yanada xursand bo‘ldim. Bunday e’tibor uchun minnatdormiz.

Ta’lim muassasalari hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining tuman va shahar bo‘limlari qoshida tuzilgan guruhlar a’zolari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, 100 yoshdan oshgan otaxonu onaxonlarning uy-ro‘zg‘or ishlariga yordamlashmoqda.

– Yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda nuroniy otaxon va onaxonlarning hissasi katta, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi Sherzod Polvonov. – Shu bois joylarda urush va mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularning ibratli hayot tajribasidan yoshlar tarbiyasi yo‘lida keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilyapti. 9-may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
393






Все о погоде - Pogoda.uz