Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 18:12 Chop etish versiyasi

Faxriylarni e’zozlagan kam bo‘lmaydi

Faxriylarni e’zozlagan kam bo‘lmaydi Farg‘ona viloyatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan yengil avtomashinalarni bir martalik navbatsiz sotib olish va ularga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikat tantanali ravishda topshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu yilgi bayram “Qahramonlik, burch va fidoyilik” hamda “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiorlari ostida umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanayotganida chuqur ma’no mujassam. Zero, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan ota-bobolarimiz jang maydonlarida bemisl jasorat ko‘rsatib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida jonlarini qurbon qilgan. Front ortida mehnat qilganlar fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan. Ularning Vatanimiz va xalqimiz oldidagi burchni muqaddas bilgani bugungi avlod uchun ham namuna bo‘lib, g‘oyat og‘ir sharoitlarda ko‘rsatgan matonati hamisha e’zozga munosib.

Bayram arafasida Farg‘ona viloyatida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, yoshlar Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining xonadonlarida bo‘lib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda, ko‘ngillarini ko‘tarib, uy yumushlariga ko‘maklashmoqda. Uy-joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish, o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlarga turar joy ajratish, navbatsiz haj safariga yuborish kabi ezgu ishlardan faxriylarimizning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilmoqda.

Farg‘ona shahar Iftixor mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ashir ota Dadajonov xonadoni bugun har qachongidan gavjum bo‘ldi. Viloyat hokimligi, "Nuroniy" jamg‘armasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari otaxonga Prezidentimiz qaroriga asosan imtiyozli sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi T.Xoldorov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini ulug‘lash, janglardan omon qaytgan va bugun oramizda bo‘lganlar, front ortida mehnat qilganlarga ehtirom ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bunday g‘amxo‘rlik ularning umriga umr qo‘shmoqda.

94 yoshni qarshi olgan Ashir ota urushdan qaytgach, temir yo‘lda, keyinchalik qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qildi. 6 farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazdi. Bugun nevara, evarayu chevaralar ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.

Tabarruk otaxon mustaqillik, tinchlik va osoyishtalik xalqimizning bebaho boyligi ekani, uning qadriga yetish zarurligini ta’kidladi, yurtimizga tinchlik-omonlik tilab, duo qildi.

– Bunday e’tibordan juda xursandmiz, – deydi Ashir ota. – Xudo xohlasa, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mashinada bir shaharni aylanish niyatim bor. Prezidentimizga ming rahmat. Bayram oldidan sovg‘a-salomlar berishdi. Ilohim, bizga ehtirom ko‘rsatgan insonlarning o‘zlari ham ulug‘ yoshlarga yetib, doimo el-yurt ardog‘ida bo‘lsin, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikka ko‘z tegmasin.

Simtepa mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Akbarjon ota Asqarov hamda uning oila a’zolari ham yuksak e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdor bo‘ldi. Butun umr el-yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan bunday nuroniylar barchamizning faxrimiz. Akbarjon otaga ham sertifikat va sovg‘a-salomlar tantanali ravishda topshirildi.

Bunday tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 134






Все о погоде - Pogoda.uz