Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 20:11 Chop etish versiyasi

Faxriylarga mashina olish uchun sertifikat topshirilmoqda

Faxriylarga mashina olish uchun sertifikat topshirilmoqda Qashqadaryoda 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, yoshlar Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriylari xonadonida bo‘lib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda, ko‘ngillarini ko‘tarib, uy yumushlariga ko‘maklashmoqda.

Prezidentimizning shu yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlarga turar joy ajratish kabi ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillarni bir martalik navbatsiz sotib olish va ularga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikatlar tantanali ravishda topshirilmoqda.

– Inson tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayot, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi Yanvar Inoyatov. – Urush yillarida viloyatimizdan 47 mingdan ortiq fuqaro, jumladan, 96 xotin-qiz janggohlarda ishtirok etgan. Ularning yarmidan ko‘pi ortga qaytmagan. Ayni paytda viloyatda 120 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot. Ularga doimiy ravishda tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Nogironlik aravachasi va boshqa zarur vositalar ajratilib, sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu kabi ezgu ishlardan faxriylarimiz mamnun bo‘lib, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik bardavom bo‘lishi, xalqimiz farovonligi yanada yuksalishini so‘rab, duo qilmoqda.

Qarshi shahrining Qarliqxona mahallasida yashovchi Xo‘jaqul bobo Jo‘rayev Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Urushda besh marta og‘ir jarohat olgan. Urushdan qaytib, turli sohalarda ishlagan. 92 yoshni qarshi olayotgan Xo‘jaqul bobo bugun farzandlari, nabirayu evaralari ardog‘ida. Urushda orttirilgan jarohatlar bitib ketdi, ammo uning dahshatli xotiralari hamon qalbini tirnaydi, ko‘ngliga og‘riq soladi. U kunlarni eslar ekan, nuroniy chehrasiga ma’yuslik cho‘kadi. Ko‘zlariga yosh qalqadi... Bugungi dorilomon kunlarga shukrona keltiradi...

– Yurtimiz doim tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, – deydi Xo‘jaqul bobo. – Biz kabi faxriylarga ko‘rsatilayotgan doimiy hurmat va e’tibor uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. Ko‘pdan beri haj safariga borishni niyat qilib yurar edim. Xudo xohlasa, orzularim ushaladigan bo‘ldi. Prezidentimizga ming rahmat.

Xo‘jaqul bobo xonadoniga tashrif buyurgan viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar vakillari otaxonga Prezidentimiz nomidan imtiyozli sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.

Shu mahallada yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rashid bobo Umirov va uning oila a’zolari ham bu kabi yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Rashid boboga ham sertifikat, pul va sovg‘a-salomlar tantanali ravishda topshirildi.

Bunday tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
1 297






Все о погоде - Pogoda.uz