O‘zA O`zbek

16.05.2018 14:07 Chop etish versiyasi

Favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda nima qilish kerak?

Sirdaryodagi “Guliston ekstrakt-yog‘” aksiyadorlik jamiyatida “Zilzila oqibatidagi favqulodda vaziyatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisalarni bartaraf etish” mavzusida maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida Sirdaryo viloyati hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, huquq-tartibot tizimi idoralari vakillari ishtirok etdi.

“Guliston ekstrakt-yog‘” aksiyadorlik jamiyati shahardagi eng yirik korxonalardan biri bo‘lib, bu yerda 630 kishi mehnat qiladi. Ish 3 smenada tashkil etilgan, xodimlar maxsus kiyim-bosh, issiq ovqat va ishga kelib-ketishi uchun transport vositasi bilan ta’minlangan.

– Korxonada ishchilarning samarali mehnat qilishi va ko‘ngildagidek dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi “Guliston ekstrakt-yog‘” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori o‘rinbosari A.Eshonxonov. – Qayta rekonstruksiya qilingan 200 o‘rinli oshxona, ma’naviyat xonasi, faollar zali, dam olish va boshqa xonalar zamonaviy jihozlangan. Xodimlarning o‘rtacha oylik maoshi 850 ming so‘m. Ishchi-xizmatchilarning aksariyati hududdagi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.

Korxona yiliga 157 ming tonna paxta chigitini qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda qayta ishlangan paxta chigiti, soya va pista mahsulotlaridan o‘simlik yog‘i, kunjara, sheluxa hamda xo‘jalik sovunlari ishlab chiqariladi. Mahsulotning asosiy qismi ichki bozorga chiqarilsa, bir qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Korxonada zilzila oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan shartli yong‘in va ammiak kislotasi oquvchi quvur yorilishi oqibatida zaharli is gazidan zaharlanishning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shartli yong‘in signali chalinib, favqulodda holat e’lon qilindi. Bunday holatda ro‘yxat asosida avvaldan shakllantirilgan korxona ishchilari saf tortib, guruh-guruhga bo‘lingan holda o‘zlariga biriktirilgan vazifalarni bajarishga kirishdi.

Yong‘inni bartaraf etish, olov ichida qolgan odamlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ammiak kislotasi oquvchi quvur yoriqlarini ta’mirlash, zilzila oqibatida devori qulab qolgan mahsulotlar omborida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘g‘rilik va talonchilikning oldini olish va bartaraf etish mashqlari bajarildi.

– Bugungi taktik-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, favqulodda holatlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan texnogen va tabiiy ofatlarning tezkorlik bilan oldini olishdir, – deydi “Guliston ekstrakt-yog‘” aksiyadorlik jamiyati fuqaro muhofazasi muhandisi M.Bozorboyev. – Ogohlik – davr talabi. Shu sababdan ham biz har qanday favqulodda holatga hamma vaqt tayyor bo‘lishimiz shart. Bugungi mashg‘ulotda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ularni bartaraf qilish ko‘nikmasi sinovdan o‘tkazildi. Korxonada taktik mashg‘ulotga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgani jarayon davomida namoyon bo‘ldi. Mavjud texnikalar holati, xodimlar bilimi bilan bog‘liq kamchiliklar mutaxassislar tomonidan qayd etilmadi.

Mashg‘ulotda korxonaning 200 ga yaqin ishchisi ishtirok etdi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
4 496