Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 20:50 Chop etish versiyasi

Farzandingiz taqdiriga befarq bo‘lmang

Toshkent iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Ayniqsa, axborot-resurs markazida yoshlarning kasb-hunarga oid bilimini yanada boyitishi, ma’naviyatini yuksaltirishi uchun barcha imkoniyat muhayyo. 24 mingga yaqin kitob fondiga ega kutubxona nafaqat darslik va o‘quv qo‘llanmalari, balki milliy va jahon adabiyotining namunalari bilan ta’minlangan.

Markaz doimo o‘quvchilar bilan gavjum. Kimdir komputer orqali o‘ziga kerakli ma’lumotlar bilan tanishayotgan bo‘lsa, boshqasi kitob mutolaasi bilan band. Markazda «Eng yaxshi kitobxon» tanlovini o‘tkazish muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Kollejning 1 ming 100 o‘quvchisidan 90 foizi kutubxonaga a’zo. Bunda o‘quvchilarni yangi kitoblar bilan tanishtirish, turli mavzularda uchrashuvlar tashkil etishni kanda qilmay kelayotgan markaz rahbari Yulduz Ismatovaning xizmati beqiyos.

Ha, bugungi yoshlarning aksariyati ilmu hunar egallash yo‘lida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotir. Lekin ajablanarlisi, kollejda o‘quvchilarning darsga qatnashish ko‘rsatkichi 90 foiz. 10 foiz o‘quvchi na darsga keladi, na kutubxonaga. Demak, yuzdan ziyod o‘quvchi e’tibordan chetda, nimalar bilan mashg‘ulligi mavhum. Hali oq-qoraning farqiga yaxshi bormaydigan o‘spirinning nazoratsiz qolishi uning to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois kollejdagi davomat masalasi Uchtepa tumani ichki ishlar boshqarmasi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhining doimiy e’tiborida. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy etilgan profilaktika kunida surunkali dars qoldirayotgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilmoqda.

Kollejda tashkil etilgan voyaga yetmaganlar bilan ishlash xonasidamiz. Oylab darsga kelmagan, fanlardan belgilangan topshiriqlarni bajarmagan o‘quvchi qizning onasi muhokamaga chaqirilgani o‘ziga ma’qul kelmaganini xatti-harakatida namoyon etib, na organ xodimlarini, na pedagoglarni nazariga ilgisi kelmasdi. Go‘yo kollej yoqmagani uchun qizini darsga yuborgisi kelmagan. Holbuki, mamlakatimizda 12-yillik majburiy bepul ta’lim joriy etilgan. O‘quvchi mavjud tartib-qoidaga bo‘ysunishi shart.

Biroq onaning holi shu bo‘lgach, qizidan nimani kutish mumkin? Shuncha odam yig‘ilib, uning kelajagi haqida qayg‘urayotgan bo‘lsa-yu, u aybini tan olib bo‘yin egish o‘rniga boshqalarga «mag‘rur» boqishi kishini hayron qoldiradi. Taassufki, ona noo‘rin mashmashasi bilan qizining tarbiyasini yanada barbod etayotganini sezmasdi. Qaytaga farzandining taqdiriga, kelajagiga befarq bo‘lmagan odamlar borligi uni quvontirganida, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun uzr so‘rashni bilganida, bu bolasiga yaxshigina saboq bo‘larmidi?!

Kollejning yana bir o‘quvchisi ham o‘zi xohlamagan holda o‘qishga kirganini, shuning uchun darsga kelishni istamasligini bildirdi. Poytaxtimizdagi nufuzli akademik litseylardan biriga kirolmagan bu bolaning birinchi mag‘lubiyatdan taslim bo‘lgani, ilm olishdan ko‘ngli qolganini qanday izohlash mumkin? Bu ham aslida ota-onaga borib taqaladigan qusurlardan biri. Voyaga yetmagan, hali navnihol bolaning unib-o‘sishini ta’minlash, hayotda faqat oldinga intilib, maqsad sari kurashishiga ko‘maklashish ularning vazifasi-ku, axir!

Uchtepa tumani ichki ishlar boshqarmasi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi inspektorlari Mukarram Otabekova va Shahlo Abdukarimovaning amaldagi qonunlar, davlatimiz rahbari qo‘yayotgan talablar asosidagi tushuntirishlari besamar ketmadi. Muhokamaga chaqirilgan o‘quvchilar ham, ota-onalar ham o‘z burch va majburiyatini bajarishga majbur ekanini tan oldi. E’tiborlisi, ushbu inspektorlar va tumandagi yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar xodimlarining hamkorlikdagi sa’y-harakati bilan keyingi bir oyda 60 o‘quvchi darsga qaytarilgan.

Tumandagi 32 umumta’lim maktabi, 8 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim maskanining barchasida ana shunday tartibda ish olib borilayotgani bois davomat kun sayin yaxshilanmoqda.

Profilaktika kuni munosabati bilan tuman ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash bo‘linmasi tomonidan ham amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi. Aytish joizki, sohaga eng ilg‘or zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani ish sifati va samaradorligi oshishiga, eng muhimi, o‘g‘rilik, talonchilik kabi jinoyatlar keskin kamayishiga xizmat qilayotir.

Qo‘riqlash bo‘linmasi texnik qo‘riqlash punkti tomonidan tumandagi 650 dan ziyod obyekt nazoratga olingan. Ularga begonalarning kirishga urinishi punktga signal tushishiga olib keladi. Bunday holda shu obyektga aloqa, qurol-yarog‘, avtotransport vositalari bilan ta’minlangan tezkor guruh darhol yetib boradi. Zamonaviy qo‘riqlash punkti ishga tushgandan buyon o‘tgan sakkiz oyda nazoratdagi inshootlarda birorta noxush holat qayd etilmagan.

Uyida fohishaxona tashkil etgan, bezorilik qilgan fuqarolar o‘z mahallalari ahli o‘rtasida muhokama qilindi. Qoryog‘di, Jurjoniy mahallalarida bo‘lgan sayyor ochiq sud majlislarida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ishlar ko‘rib chiqildi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan payshanba – profilaktika kuni sifatida belgilanishidan maqsad huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishdir, – deydi Uchtepa tumani ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi boshlig‘i Davron Azizov. – Shu maqsadga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar qisqa fursatda o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. O‘quv muassasalarida davomat yaxshilanayotgani, huquqbuzarliklar keskin kamaygani shundan dalolatdir.

Norgul Abduraimova, O‘zA
362






Все о погоде - Pogoda.uz