Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 15:17 Chop etish versiyasi

Farmon va ijro: Fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolati kuchaytirildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-tergov faoliyatida fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan mexanizmlarni yanada kuchaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mazkur farmondan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar, ushbu hujjatning amaliy ijrosini ta’minlashda sudlarning o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari X.Yodgorov va boshqalar mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining sohaga oid farmonida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining e’tibori amaldagi qonun talablariga qat’iy va og‘ishmay rioya etishga qaratilgan. Bu sudlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklab, har bir sudyadan huquqiy bilimi, dunyoqarashini kengaytirib borishni, o‘z faoliyatiga talabchanlik bilan qarashni talab etadi.

Farmonda qayd etilgan muhim yangiliklardan biri asosiy protsessual harakatlarni majburiy tarzda videoga qayd etish tartibini joriy etishning belgilanganidir. Bu, o‘z navbatida, dalillarni to‘plash va mustahkamlashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, shuningdek, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va tergov eksperimenti bunday harakatlarga kiritildi.

Bundan tashqari, hozirgi vaqtga qadar himoyachi dalillar emas, balki dalil sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash huquqiga ega edi. Bunday holat sudda ishlarni yuritishda tortishuv prinsipi buzilishiga olib kelayotgandi. Shuning uchun farmon talabiga ko‘ra, himoyachiga jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi shart bo‘lgan dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqi berilishi ham inson huquq va erkinliklarining kafolatli himoyasiga xizmat qiladi.

Oliy sud, Toshkent shahar va viloyati sudlari sudyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbirda davlatimiz rahbarining ushbu farmoni fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash, adolatni qaror toptirishga qaratilgan tub o‘zgarishlarning yangi va yanada yuksak bosqichini boshlab bergani alohida qayd etildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
769






Все о погоде - Pogoda.uz