Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 18:45 Chop etish versiyasi

Farg‘onaning tomorqachilik maktabi

Farg‘onaning tomorqachilik maktabi Hamkasbimiz Rasul aka yaqinda yangi avtomashina oldi. Barchamiz uni qutlab, “Shuncha vaqt yemay-ichmasdan yig‘ib yurgan ekansiz-da”, deb hazillashdik.

– Bu mashinani menga mana shu tomorqa olib berdi. Bo‘sh vaqtimda butun oila shu yerda mehnat qildik. Yilning to‘rt faslida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiramiz, mana shu mening daromadim. To‘ylar ham shuning hisobidan bo‘lmoqda, – dedi Rasul Kamolov yuzida mamnunlik ifodasi ufurib.

Rishton tumani Amirobod qishlog‘ida yashovchi Rasul aka o‘z tomorqasida bodring, pomidor va ko‘kat yetishtirish bilan shug‘ullanishini bilardik. Mo‘jazgina tomorqasidan yaxshi daromad olayotganini bilib, unga havasimiz yanada ortdi.

8.JPG

Dehqonchilik ham bir ilm. Shunday tomorqachilar ishini ko‘rib, "Ish bilganga – ming tanga" deganlari mana shu bo‘lsa kerak, deging keladi. Yoshi katta yurtdoshlarimiz yaxshi eslaydi, bir paytlar tomorqasida yetishtirgan mahsulotini sotaman deb, qo‘liga kishan solinganlar qancha edi. "Oila daromadi" degan tushunchalar yo‘q edi. Mustaqillik tufayli o‘z erkimizga, o‘z yerimizga ega bo‘ldik. Bugun tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yaratib, yaxshi daromad topayotgan minglab oilalar farovon hayot kechirmoqda. Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Rishton, Beshariq, Quva singari tumanlari qishloqlarida ko‘plab oilalar kaftdek yerdan samarali foydalanib, oilasini farovon qilmoqda, bozorni arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlamoqda.

Viloyatda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Bugun viloyatdagi 573 ming 300 xonadon ixtiyorida 40,7 ming gektar tomorqa yer maydoni mavjud. Malakali mutaxassislar hamrohligida xonadonma-xonadon yurilib, tomorqaning bitmas-tuganmas daromad manbai ekani yuzasidan tushuntirish olib borildi. Tijorat banklari ayni yo‘nalishga 166 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratdi. Tegishli xizmat ko‘rsatuvchi subyektlar tomonidan aholi tomorqasidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarishi uchun talab etiladigan barcha moddiy-texnik resurslar o‘z vaqtida yetkazib berildi. Yil boshidan buyon 3 ming 739 gektar yerga piyoz, 4 ming 275 gektarga ko‘kat, 4 ming 153 gektarga sarimsoqpiyoz, 3 ming 383 gektarga sabzi, 10 ming 713 gektarga kartoshka, 1 ming 844 gektarga karam, 4 ming 735 gektarga pomidor, 4 ming 17 gektarga bodring, 2 ming 298 gektarga sholg‘om va turp, 1 ming 505 gektarga boshqa turdagi ekinlar ekilishi ta’minlandi.

1.JPG

Bugun ishning ko‘zini biladigan, mehnatdan qochmaydigan kishi tomorqasidan unumli foydalanib, barakaga erishmoqda. Faqat hammasi maqsadning to‘g‘ri qo‘yilgani va yerga bo‘lgan munosabatga bog‘liq. Oltiariq tumani haqida so‘z borganda "tomorqadan zo‘r foyda topadiganlar", deyishadi. Chindan ham shunday. Oddiy qilib aytganda, ular bekor o‘tirishni yoqtirmaydi. Bugungi kunda tumandagi 72 mahalla fuqarolar yig‘inida bu boradagi ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Qish fasli boshlangan bo‘lsa ham, bekorchi odamni uchratmaysiz. Kimdir turp, sabzi ekayotgan bo‘lsa, boshqasi ko‘chat parvarishi bilan band.

Yangiqo‘rg‘on mahallasida uch mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Aksariyati tomorqasida issiqxona tashkil qilib, undan samarali foydalanmoqda. Aholi, ayniqsa, ko‘kat, limon, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring yetishtirish hadisini olgan. Solijon Jalilov, Yursinali Zamonov, Nazirjon Toshpo‘latov, Abdumajid Karimov, Bahromjon Xolmatov kabilarning tajribasi, erishgan yutuqlari mahalladoshlarga o‘rnak bo‘layotir. Halol mehnatdan topilgan daromadning rohati ham, zavqi ham boshqacha bo‘ladi.

3.JPG

– Tomorqachilik to‘kin-sochinlik, farovonlik manbai ekanini mahalla ahli yaxshi biladi, – deydi "Yangiqo‘rg‘on" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Karimov. – Aksariyat xonadonlar kaftdekkina tomorqadan yiliga uch-to‘rt bor hosil oladi, dehqonchilikning samarali usullari tezda ommalashadi. Tomorqada asosan ertapishar kartoshka, karam, pomidor, sabzi, piyoz va turli ko‘katlar yetishtiriladi. Joriy yilning o‘zida 15 xonadonda limonchilik yo‘lga qo‘yildi. Kamchiqim, ammo serdaromad hosil olishning ushbu intensiv usuli ortidan to‘kin yashayotgan, el-yurtga naf keltirayotgan mirishkorlar safi kengaymoqda.

Ushbu mahallada yashovchi Yursinali Zamonovlar oilasi tomorqadan unumli foydalanishda ko‘pchilikka ibrat. Xonadon egalari tomorqada asosan sabzavot, ko‘kat yetishtiradi. 10 sotix issiqxonada esa limon yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil tomorqadan 15 million so‘mdan ziyod foyda olindi.

– Pomidor yetishtirishni ham rejalashtirib turibmiz, – deydi Yu.Zamonov. – Bundan uch-to‘rt yil oldin issiqxonamiz kichkina edi. Uni kengaytirib, ekinlar turini ko‘paytirdik. Kelinlarim, farzandlarim yonimda. Hozir shuning orqasidan ro‘zg‘orimiz but. Nevaralarimni o‘qityapman. Yangi imorat soldik. Oilamizdagi fayz-baraka hammasi halol mehnatimizdan. Xudoga shukr, yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lgach, orzu-niyatlarimiz amalga oshadi-da. Faqat xohish va istak bo‘lsa, bo‘lgani. Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi.

Mutaxassislarning fikricha, bir sotix yerda kartoshka parvarishlab, risoladagidek ishlov bergan dehqon 450-500 kilogramm, piyozdan 600-650 kilogramm, sabzidan 600-650 kilogramm, pomidordan 800-900 kilogramm hosil olishi mumkin ekan. Boshqa ekinlar misolida ham ana shunday aniq raqamlar bisyor.

Endi yil davomida yerdan uch martagacha hosil olish mumkinligini inobatga olsak, tomorqa chinakam xazina ekaniga yana bir karra amin bo‘lamiz. Ayniqsa, mahsulot qancha erta yetishtirilsa, uni sotib ko‘proq daromad olish imkoniyati ham oshadi. Buni yaxshi anglagan uddaburon tomorqachilar esa ekinni plyonka ostida ekish, issiqxona sharoitida parvarishlash texnologiyasidan keng foydalanmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 9 oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 10 oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

“Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai!” shiorini qishloq aholisi orasida keng targ‘ib qilish hamda yer egalarining kundalik faoliyatiga aylantirish bugun muhim vazifalardan biridir. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda tuzilgan ishchi guruhlar har bir xonadonga kirib, yerdan foydalanishdagi samarali usullar, imtiyozli kreditlar ajratish, tomorqa egalariga arzon narxlarda urug‘lik va mevali daraxt ko‘chatlari, mineral o‘g‘it hamda kimyoviy preparatlar yetkazib berish kabi masalalar bo‘yicha tushunchalar bermoqda, bu borada mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Har bir oilada o‘tkazilgan muloqotlar, tabiiyki, o‘z samarasini ko‘rsatmoqda: chorvachilik, parrandachilik, issiqxona, bog‘dorchilik, asalarichilik kabi yo‘nalishlar tashkil etilmoqda.

Muxtasar aytganda, hududlarda tomorqachilik madaniyati yuksalib borayotgani nafaqat aholi bandligini ta’minlash, balki oilalar farovonligini yuksaltirish, pirovardida iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotir.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 024






Все о погоде - Pogoda.uz