Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.12.2017 18:45 Chop etish versiyasi

Farg‘onaliklarning ko‘p yillik muammolari bir kunda hal etildi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, adliya vaziri R.Davlatov, Oliy sud raisi K.Komilov, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Tojiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Soliyev Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari va Uchko‘prik, Rishton, Quva tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazdi.

Uchko‘prik tumanida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Tojiyev, Oliy sud raisi K.Komilov o‘tkazgan qabullarda aholining sud, huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog‘liq masalalar, fuqarolar huquqlarining buzilishi yuzasidan murojaatlari o‘rganildi.

– “Go‘zal” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi xasta akam Alisher Toshmirzayev sobiq konserva ishlab chiqarish korxonasidan 3 yillik ish haqini ololmay sarson, – deydi Uchko‘prik tumani Sariqqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Fotima Toshmirzayeva. – Davolanishiga mablag‘ topolmayapti. Bugungi qabulda ushbu masalaga yechim topildi. Bundan hammamiz xursandmiz. Bo‘lar ekanu, nega shu choqqacha odamni ovorayu sarson qilishganiga hech tushunmayman.

Uchko‘prik tumanidagi Yuqori dasht qishlog‘ida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdukarim Abdurahimov katta yo‘ldan o‘tgan temiryo‘l kesishmasi qishloq aholisiga qiyinchilik tug‘dirayotgani, bu yerga biror nazoratchi zarurligi haqidagi murojaat bilan sayyor qabulda bo‘ldi. Mazkur masala tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, hal etish muddati belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyevning Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari va Rishton tumanida o‘tkazgan uchrashuv va sayyor qabullarida 200 ga yaqin fuqaro turli masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Murojaatlarning aksariyati hokimliklar, viloyat tashkilotlari bilan muhokama qilinib, joyida hal etildi.

– Momiq mahsulotlar ishlab chiqaramiz, ularni eksportga ham yo‘naltirganmiz, – deydi Marg‘ilon shahridagi “Turon vodiy teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdusamad Ma’rupov. – Faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun “Asakabank”ning shahar filialidan sarmoya so‘rab murojaat qilgan edik. Lekin haligacha javob bo‘lmayotgandi. Bugungi uchrashuvga kelib adashmagan ekanman. Qisqa vaqtda jamiyatimizga kredit ajratiladigan bo‘ldi. Kelgusida bu mablag‘ evaziga zamonaviy to‘quv dastgohlari keltirishni rejalashtirganmiz.

Marg‘ilon shahrining Yorqin mahallasidan fuqaro Muborakxon To‘raxonova ko‘p yillardan beri oilasi bilan 2 sotixli hovlida istiqomat qilib kelardi. Ariza bilan qilgan murojaatlari ha deganda hal etilavermadi. Mazkur muloqotda uning uy-joy masalasi daxldor idoralar tomonidan ko‘rib chiqildi. Unga uy-joy ajratib beriladigan bo‘ldi.

Adliya vazirining ko‘magi bilan Marg‘ilon 1-tibbiyot kollejini tamomlagan Mohichehra Yusupova Qo‘shtepa tibbiyot birlashmasiga ishga joylashdi.

Uchrashuv va sayyor qabullarda fuqarolarning uy-joy, ijtimoiy muhofaza, ta’lim, tibbiyot, huquq-tartibot, bank idoralari faoliyati, ishga joylashish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topildi. Qolgan murojaatlar o‘rganib chiqish uchun masalaga daxldor tashkilotlarga taqdim etildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 335