O‘zA O`zbek

12.06.2019 17:14 Chop etish versiyasi

Farg‘onadagi oromgohlarda o‘quvchilar qanday hordiq chiqarmoqda?

Farg‘onadagi oromgohlarda o‘quvchilar qanday hordiq chiqarmoqda?

Yoz – 2019 

Farg‘ona viloyatidagi 21 ta doimiy oromgohda o‘quvchilar yozgi ta’til kunlarini maroqli o‘tkazmoqda.

Viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, prokuraturasi, xalq ta’limi, adliya, ichki ishlar, jismoniy tarbiya va sport, madaniyat boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oromgohlarda o‘quvchilarning mazmunli dam olishi, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Birinchi mavsumda 3 mingdan ziyod bola ana shu oromgohlarga qamrab olindi.

Shu kunlarda viloyat hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari belgilangan chora-tadbirlar rejasiga asosan oromgohlarga tashrif buyurib, sharoitlarni o‘rganmoqda, dam oluvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashiga qarashli “Humo” bolalar yozgi oromgohi faoliyati bilan tanishdi.

300 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur oromgohning 29 nafar pedagog-xodimdan iborat jamoasi bolalarning ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Kutubxona, kompyuter xonasi, ingliz, yapon tillari, “Mohir qo‘llar”, tasviriy san’at, vokal, “Yosh piyoda”, “Yangi o‘yin o‘rgatamiz!”, “Audit” kabi qiziqarli to‘garaklar faoliyat olib borayotgani bolalarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Beshta ezgu tashabbus bo‘yicha tadbir va tanlovlar, musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tasarrufidagi “Nihol” bolalar oromgohi namunali oromgohlardan. Bu yerda 242 nafar bola miriqib hordiq chiqarmoqda.

Farg‘ona shahridagi Mehribonlik uyining 114 nafar tarbiyalanuvchisi ham yozgi ta’til munosabati bilan Quvasoy shahri Lashkar qishlog‘ida joylashgan qadrdon dala-hovlilariga, ya’ni “Mehnat-Rohat” oromgohiga ko‘chib keldi.

– Bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni so‘z bilan ifodalash qiyin, – deydi oromgoh direktori Yoqutxon Jahonova. – 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va muborak Hayit bayrami arafasida Mehribonlik uyiga homiylar tomonidan 8 ta kompyuter jamlanmasi, so‘nggi rusumdagi uy kinoteatri, sport anjomlari, sport zali uchun gilamlar, sovutgich, badiiy kitoblar hadya qilindi.

Bolalarning dala-hovlisiga kirgan kishining bahri-dili ochiladi. Viloyat hokimi ko‘rsatmasi bilan oromgohda beshta ayvoncha qurib bitkazildi. Mamlakatimizda keng qanot yozgan beshta tashabbus namunalari ana shu ayvonchalarda o‘tkaziladi. Mevali va manzarali daraxtlar soyasida maroqli o‘yinlar, suhbatlar tashkil etiladi.

M.SULAYMONOV, O‘zA
693