Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 17:55 Chop etish versiyasi

Farg‘onada kitobxonlar bayrami

Farg‘onada kitobxonlar bayrami Farg‘ona politexnika institutida kitobxonlar bayrami bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi va Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda xalqimiz ma’naviyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish, tafakkurini kengaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning mutolaaga qiziqishini va kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Inson tafakkurini yuksaltirish, ongu qalbida ezgu ishlar qilish tuyg‘ularini mustahkamlashda kitobning o‘rni beqiyos. Mamlakatimizda yuksak ma’naviyatli avlodni ulg‘aytirishda yoshlar o‘rtasida kitob, ayniqsa, badiiy asarlarning o‘rni va ahamiyati xususida olib borilayotgan ma’rifiy targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, bu bebaho boylikdan samarali foydalanish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning ilm-ma’rifatga, kitobxonlikka qiziqishini oshirish, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Kitobxonlar bayrami doirasidagi tadbirlarda mamlakatimizdagi nashriyotlar tomonidan keyingi yillarda chop etilgan mumtoz va badiiy adabiyotlar, ensiklopedik lug‘at va ma’lumotnomalar, bolalar adabiyoti namoyishi va savdosi tashkil etildi. Yangi kitoblar taqdimoti, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, yosh ijodkorlar uchun mahorat saboqlari, mushoiralar o‘tkazildi.

– Yoshlarning mutolaaga, badiiy adabiyotga qiziqishini oshirish va rag‘batlantirishda kitobxonlar bayramlarining katta o‘rni bor, – deydi Farg‘ona politexnika instituti rektori O.Otaqulov. – Barcha ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan muloqotlarda badiiy adabiyot, kitobxonlik madaniyati asosiy mavzuga aylanmoqda. Shoir va yozuvchilarning yangi kitoblari taqdimoti, ko‘rgazmalar barchada qiziqish uyg‘otmoqda. Institutimizda ham axborot-resurs markazi yangi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan bo‘lib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
505






Все о погоде - Pogoda.uz