Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 17:23 Chop etish versiyasi

Farg‘onada “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari, bir qator boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 18 oila ishtirok etdi.

Oila – jamiyat butunligi va ahilligini kafolatlovchi qo‘rg‘on, inson hayotiga to‘kislik bag‘ishlovchi maskan, avlodlar davomiyligini ta’minlovchi muqaddas dargoh. Xalqimizga xos yuksak fazilat – oilani ulug‘lash, uning jamiyat hayotidagi, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini oshirish, oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini targ‘ib etish, oilalarni mustahkamlashda keng jamoatchilikning o‘rnini hayotiy misollar orqali ko‘rsatib berish, ibratli oilalarni rag‘batlantirishda bu kabi tadbirlar muhim o‘rin tutadi.

Tanlovda oila mustahkamligini ta’minlash borasidagi hayotiy tajriba, oilada ota-ona va farzandlar munosabati, ma’naviyat, kitobxonlik darajasi, oila a’zolarining milliy urf-odat va qadriyatlarimizni qay darajada bilishi, tomorqadan unumli foydalanish, farzandlarda mehnat ko‘nikmasi shakllangani, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, mahalla, jamoat ishlaridagi faolligi kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi Homidjon Tojiboyevlar oilasi birinchi o‘rinni egalladi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

– Oilaning el-yurt orasida hurmat-e’tibor topishi juda ko‘p omillarga bog‘liq, – deydi H.Tojiboyev. – Turmush o‘rtog‘im ham, men ham o‘qituvchilikdan nafaqaga chiqqanmiz. Bugun nabiralar qurshovida shukronalik bilan umrguzaronlik qilyapmiz. Mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, oilalarga alohida g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy chora-tadbirlarni kundalik hayotimizda his etib kelmoqdamiz.

Tanlov doirasida “Kitobsevar oila”, “Sportchi oila”, “Ishbilarmon oila” “Mehribon qaynona”, “Ahil oila”, “Saxovatli oila”, “Ibratli kelin”, “Fayzli oila” nominatsiyalari bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlandi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 914






Все о погоде - Pogoda.uz