Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 15:15 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida bayram sayllari boshlandi

Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida bayram sayllari boshlandi Bahorning yoqimli tafti dillarimizga huzur bag‘ishlayotgan shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘zi olam katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Navro‘z – o‘zining ma’no-mazmuni va falsafasi bilan hayotimizga jo bo‘lgan yasharish va yangilanish pallasi, sharqona Yangi yil debochasi. Ushbu ayyomni xalqimiz har yili ko‘tarinki ruhda, katta shodiyona bilan nishonlaydi.

Keyingi besh yilda Farg‘ona viloyatida yalpi hududiy mahsulot 1,6 barobar o‘sib, bunda sanoatning ulushi 23,6 foizdan 27,5 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlarining 96 foizdan ortig‘i kimyo, neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi zamonaviy tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, “Avtooyna”, Qo‘qon mexanika zavodi, “DEU tekstil Farg‘ona”, “Qo‘qon Indorama tekstil” kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari nafaqat viloyat, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadi.

Uy-joy qurilishi, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, san’at va boshqa ijtimoiy sohalarda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, inson manfaatlariga xizmat qilmoqda. Shahar va tumanlar, qishloqlar yanada chiroy ochib, aholi turmush farovonligi muttasil yuksalmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-fevraldagi "2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq bu yil Navro‘zi olam barcha qishloq, tuman va shaharlarda umumxalq sayli sifatida yuqori saviyada nishonlanishi asl milliy bayramimizni yangi mazmun bilan boyitdi.

Viloyatning chekka hududlari – So‘x, Beshariq, Yozyovon va Dang‘ara tumanlarida ham Navro‘zi olam keng nishonlanmoqda. Taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibotchilaridan iborat targ‘ibot guruhlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayapti.

– Navro‘z kelishi bilan yurtimiz ajib tarovat kasb etadi, odamlar yuz-ko‘zida bahoriy kayfiyat ufurib, tabiatda ham, odamlar qalbida ham yasharish, yashnatish tuyg‘usi jo‘sh uradi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Topvoldi Xoldorov. – Shuning uchun ham bu ayyomni xalqimiz ko‘tarinki kayfiyatda ezgu amallar bilan qarshi olishga oshiqadi. Shunga monand biz ham keksa otaxonu onaxonlar holidan xabar olib, ko‘ngillarini ovlamoqdamiz. Sayl bahona bir piyola choy ustida dildan suhbatlar uyushtirayapmiz.

Quvasoy shahridagi “Kamolot” bog‘ida bo‘lib o‘tgan sayl ham barchaga bir olam quvonch ulashdi. Madaniyat va dam olish maskanlari qoshidagi ashula va raqs xalq ansambllari, folklor-etnografik va turli badiiy jamoalar, taniqli estrada xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, o‘lanu laparlar, askiya va raqslar barchada katta taassurot qoldirdi. Dorbozlarning chiqishlari, doshqozonlarda pishirilgan sumalak, tashkil etilgan turli ko‘rgazmalar ishtirokchilarga xushnudlik ulashdi. Momolarning childirma jarangiga mos laparlariga kelinlardan tortib, jamalaksoch qizlargacha raqsga tushdi.

– Shahrimizdagi sanoat kasb-hunar kollejini tamomlab, “Dunyo pishiriqlari” oilaviy korxonasi tashkil etdim, – deydi Dilafro‘z Habibullayeva. – Bugungi saylda oilaviy korxonamizda tayyorlanayotgan pishiriqlar bilan ishtirok etmoqdamiz. Turli ko‘katlardan tayyorlagan pishiriqlar saylga kelganlarga manzur bo‘layotganidan xursandmiz.

Shaharning qo‘shni davlat bilan chegara hududida joylashgan “Polmon”, “Nayman”, “Bog‘bon”, “Hamdo‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham sumalak pishirilib, hududning o‘ziga xos Navro‘z udumlari asosida keng nishonlandi. Ayniqsa, “Kelin salom”, “Yor-yor”, “Oq terakmi, ko‘k terak” kabi marosim va milliy o‘yinlarda tomoshabinlar ko‘p bo‘ldi.

Birinchi Prezidentimizning milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, tiklash va boyitish yo‘lidagi bemisl jasorati tufayli deyarli unut bo‘lib ketish arafasiga kelib qolgan ko‘plab an’ana va marosimlarimiz qatori Navro‘z ham chin ma’noda e’zoz topdi. O‘tgan yillarda xalqimizning Navro‘z bilan bog‘liq barcha qadimiy qadriyatlari nafaqat asl qiyofasiga qaytdi, balki mazmunan boyidi, ezgulik bilan yo‘g‘rilgan yangi qirralari yanada sayqal topdi. Ko‘pkari, kurash kabi milliy o‘yinlarimiz, arg‘imchoq uchish, varrak uchirish, qo‘chqor urishtirish an’analari, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, lapar, o‘lan, alla ohanglari, qo‘li gul hunarmandlar yasagan rang-barang amaliy san’at namunalari, dorboz, askiyachi va qiziqchilarning tomoshalari, mahalla-ko‘y obodligi, oilalar farovonligi, ehtiyojmandlarga xayr-saxovat ko‘rsatish bilan bog‘liq udumlarning yangicha talqinlari bu bayramga yanada o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda.

– Yoshim 82 da, – deydi so‘xlik Boborustam Mastonov. – Ne kunlarni ko‘rmadik. Navro‘z taqiqlangan vaqtlar ham bo‘ldi. Lekin har qanday holatda ham, qon-qonimizga, suyak-suyagimizga singib ketgan, vujudimizga quvvat, ruhimizga tetiklik bag‘ishlaydigan, qalbimizni yashash va yasharish tuyg‘usi bilan ruhlantiradigan Navro‘zni xalqimiz unutmadi.

So‘x tumanida Navro‘zi olamga katta shodu xurramlik bilan puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Ko‘cha va xiyobonlar, hovli-joylar bayramona bezatilib, aholi uchun savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavot, go‘sht, tuxum, turli shirinlik va pishiriqlar mo‘l-ko‘lligi, arzon bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilayotir. Tumandagi to‘rt qishloq va yigirma ikki mahalla fuqarolar yig‘inining barchasida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.

So‘xda Navro‘z bayrami asosan qiru adirlar, keng yaylovlar bag‘rida o‘tadi. Yoshi ulug‘lar Navro‘zga yetkazganiga shukronalar aytib, “Omonlik, omonlik – hech ko‘rmaylik yomonlik”, deya niyat qiladi.

Bayram shodiyonalariga badiiy jamoalar ham qizg‘in hozirlik ko‘rdi.

– Ansamblimiz repertuarida bahorni, Navro‘zni tarannum etuvchi xalqona kuy-qo‘shiqlar ko‘p, – deydi “So‘x chashmasi” folklor-etnografik ansambli badiiy rahbari Tojiboy Yusupov. – Tuman, viloyat miqyosida tashkil etiladigan bayram shodiyonalari, tadbir va tantanalar ansamblimiz ishtirokisiz o‘tmaydi. Turli yoshdagi havaskor ijrochilardan iborat ijodiy jamoamiz so‘lim faslga, qadimiy va navqiron Navro‘zga bag‘ishlab “Sumalak“, “Ey, sanam”, “Navro‘z muborak!”, “Sarak-sarak”, “Chol keldi” singari qo‘shiq va raqslar tayyorladi.

Ravon qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan umumxalq sayli ko‘pkari, tosh ko‘tarish, arqon tortish singari milliy o‘yinlar, turli ijodiy ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalariga ulanib ketdi. Bemorlar, kam ta’minlangan oilalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kishilar holidan xabar olinib, bayram sovg‘alari topshirildi.

Farg‘ona viloyatining barcha tuman va qishloqlarida Navro‘z sayli davom etmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 299






Все о погоде - Pogoda.uz