Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 17:28 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatida bitiruvchilar uchun maxsus yarmarkalar tashkil etilmoqda

Farg‘ona viloyatida bitiruvchilar uchun maxsus yarmarkalar tashkil etilmoqda Joriy yilda Farg‘ona viloyatidagi kasb-hunar kollejlarini 53 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tamomlaydi. Ayni kunlarda ularni ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ta’lim muassasalari va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarning mustaqil hayot yo‘lini tanlashida ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Gulira’no Boqijonova 2-Farg‘ona tibbiyot kolleji bitiruvchisi. U mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, non ishlab chiqarish sexini tashkil etmoqchi. O‘z tengdoshlarini ham ish bilan ta’minlab, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

Gulira’no kabi minglab yigit-qizlarning orzu-maqsadlariga kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish maqsadida joylarda yangicha yondashuv asosida tashkil etilayotgan yarmarkalar qanot bersa, ajab emas.

Bunday yarmarkalar tartibiga ko‘ra, bitiruvchilar birinchi kun ish o‘rinlari, loyihalarning texnik iqtisodiy asoslari hamda mini texnologiyalar bilan tanishadi va egallagan kasb mahoratini namoyish qiladi. Ikkinchi kuni oilaviy imkoniyatlari va qiziqishini hisobga olgan holda, maslahatlashib ota-onalari bilan ishtirok etadi. Keyingi kuni esa o‘ziga ma’qul keladigan ish joyini tanlaydi yoki biznesni boshlash uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Farg‘ona sanoat kollejida bo‘lib o‘tgan ana shunday maxsus yarmarkada shahardagi 7 kasb-hunar kolleji bitiruvchilari va tijorat banklari xodimlari, mutasaddilar ishtirok etdi.

“Qishloq qurilish bank” ATB Farg‘ona filiali mutaxassisi Zuhriddin Xusmatovning ta’kidlashicha, yarmarka ishtirokchilarini ko‘proq shaxsiy tomorqada parranda va chorva mollari boqish, uzumchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan kreditlar qiziqtirmoqda.

– O‘quvchilarimiz yarmarkada o‘zlari yaratgan yonib-o‘chadigan reklama logotiplari bilan qatnashyapti, – deydi Farg‘ona aloqa kolleji maxsus fan o‘qituvchisi Shuhratjon Qirg‘izov. – Radiotexnika sohasida biznesini boshlamoqchi bo‘lganlarga ishlab chiqargan mahsulotlarimizni, ish beruvchilarga esa bitiruvchilarimiz salohiyatini namoyish etmoqdamiz.

Viloyatning 34 kasb-hunar kollejida davom etadigan bu kabi yarmarkalar bitiruvchilarning kasb-hunar o‘rganish jarayonida egalagan ko‘nikmasini namoyish etishiga, ish beruvchilarga esa mutaxassislarni tanlab olish imkoniyatini beradi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 624






Все о погоде - Pogoda.uz