Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.06.2018 12:53 Chop etish versiyasi

Farg'ona. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 47 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi

Farg'ona. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 47 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi
Prezidentimizning 2018-yil 11-apreldagi “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda aholi va yuridik shaxslarga davlat xizmati ko‘rsatish ko‘lami va sifatini zamon talablari darajasiga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Farg‘ona viloyatida ham shahar va tuman Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga tez, sifatli va keng turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

2.JPG

– Joriy yilning birinchi aprelidan boshlab Davlat xizmatlari markazlarida aholiga innovatsion texnologiyalar va zamon talablariga mos ravishda ko‘rsatib kelinayotgan 37 turdagi xizmatlar soni 50 taga yetkazildi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ra’noxon Boyqo‘ziyeva. – Davlat xizmatlari yuridik shaxslar bilan bir qatorda, jismoniy shaxslarga ham xizmat ko‘rsatmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga jami 47 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi. 22 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, markazlar yangi avtomashinalar bilan ta’minlanib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda asosiy e’tibor navbatda turishlarni keskin kamaytirish, sansolarlikning oldini olish, xalqning davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga qaratilmoqda. Kundalik hayotda har birimiz duch keladigan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish, bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish endilikda davlat xizmatlari markazlari zimmasiga yuklatildi. Bu nafaqat sarf-xarajatlarni, balki inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqtni tejash, undan unumli foydalanish imkonini yaratadi.

Fuqarolar va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida 2018 yil 1 iyundan boshlab Qo‘qon shahar Davlat xizmatlari markazida tajriba tariqasida 31 qo‘shimcha davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Farg‘ona va Qo‘qon shahar Davlat xizmatlari markazi uchun zamonaviy bino foydalanishga topshirildi.

Davlat-xususiy sherikchilik asosida bunyod etilgan Farg‘ona shahar Davlat xizmatlari markazi xizmatidan bugun barcha mamnun bo‘lmoqda. Markazda barcha zarur sharoit yaratilgan bo‘lib, xodimlar tezkor xizmat ko‘rsatib, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida hujjatlarni qisqa fursatda rasmiylashtirmoqda.

Farg‘ona shahar Davlat xizmatlari markazi rahbari Odiljon Karimovning aytishicha, joriy yilning to‘rt oyida markaz xodimlari tomonidan 4 ming 810 xizmat ko‘rsatildi. Ayni paytda markaz mutaxassislari murojaat qiluvchilarga 50 dan ortiq davlat xizmatlarini taklif etmoqda.

6.JPG

10.JPG

Qo‘qon shahar Davlat xizmatlari markazida ona va bola xonasi, oshxona, bolalar maydonchasi, bank shoxobchasi, elektron navbat, hordiq chiqarish uchun qulay o‘rindiqlar tashkil qilingan. Zamonaviy elektron uskuna xizmati tashrif buyuruvchiga markazning qaysi bo‘limiga murojaat qilishini aniqlab beradi. Bu yerga tashrif buyurgan fuqaro elektron apparat – infokiosk yordamida hech qanday to‘siqlarsiz bir necha daqiqada davlat reyestridan o‘tib tadbirkorga aylanadi. Agar fuqaro INN raqamini unutgan bo‘lsa, uning nusxasini pasport raqami orqali infokiosk yordamida topish mumkin. Markazda 100 turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.

Bugun joylardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining kundalik muammolariga tezkorlik bilan yechim topilmoqda. Bu yurtdoshlarimizga beqiyos qulayliklar yaratilgani, xalqimizga zamonaviy va innovatsion xizmat ko‘rsatishning istiqbolli tizimi ishga tushganidan dalolat beradi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
3 592