Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.02.2018 19:40 Chop etish versiyasi

Faol tadbirkorlar tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi

Sherobod tumanida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida “Prezident g‘oyalari bilan kelajak sari” shiori ostida “O‘zbekiston faol tadbirkorlari anjumani”da qabul qilingan “O‘zbekiston tadbirkorlariga murojaat”ning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.

Partiya Surxondaryo viloyati va Sherobod tumani kengashlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, deputatlar, faol tadbirkorlar va shu sohada faoliyat yuritish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor aholi bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bu boradagi ishlar ko‘lamini yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Partiya tomonidan qabul qilingan mazkur murojaat ham ana shunday ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan.

– Murojaatda xususiy sektorning barcha tarmoqlari singari qishloq xo‘jaligi tizimini yanada isloh qilish, fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqachilarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratilgani bizni yanada ko‘proq mehnat qilishga undamoqda, – deydi Sherobod tumanidagi “Toshpo‘latov Bahodir Jo‘raniyozovich” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari B.Toshpo‘latov. – Bu aholini sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozordan ortgan qismini xorijga eksport qilishda muhim omil bo‘ladi. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari samaradorligini oshirish va yerlardan unumli foydalanish natijadorligini ta’minlaydi. Murojaatga javoban bu yil chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy korxonamizni modernizatsiya qilib, qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari tashkil etamiz.

Tadbirda "O‘zbekiston faol tadbirkorlari anjumani"ni har yili o‘tkazish, hududlardagi tadbirkorlik va investitsion muhitni tizimli asosda tahlil qilishni yo‘lga qo‘yish, partiya va uning tuzilmalari imkoniyatidan keng foydalangan holda mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida yaqin hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ushbu mavzuga bag‘ishlangan o‘quv seminari viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
5 319