O‘zA O`zbek

02.03.2018 15:54 Chop etish versiyasi

Faol ayollar aniqlandi

Faol ayollar aniqlandi Milliy matbuot markazida “Adolat” SDP "Ayollar qanoti" kengashi tashabbusi bilan “Yilning eng faol adolatchi ayoli” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan quyi bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 14 faol xotin-qiz ishtirok etdi.

Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularda yetakchilik sifatlarini rivojlantirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, oila va jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish hamisha e’tiborda bo‘lgan. Ayni tanlov ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. 

17.jpg

Hay’at a’zolari tomonidan ishtirokchilarning tashabbuskorligi, dunyoqarashining kengligi, milliy va umumbashariy ijtimoiy qadriyatlarga munosabati, yangi g‘oyalari, taklif etgan loyihalari, jamoatchilik bilan ishlash mahorati baholab borildi.

Tanlov davlatimiz rahbarining joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazildi.

18.jpg 

Xotin-qizlar “Adolat mening nigohimda”, me’yoriy-huquqiy hujjatlar yuzasidan savol-javob va erkin mavzu kabi shartlar asosida bellashdi.

Birinchi o‘ringa Jizzax viloyatidan Kamola Nishonova va Sirdaryo viloyatidan Nargiza Sherqulova munosib topildi.

– Bu tanlov men uchun ulkan sinov maydoni bo‘ldi, – dedi K.Nishonova. – Kutilmagan vaziyat, savollar, tanqidlarga to‘g‘ri javob bera olish biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Raqiblarimdan kelajakda qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘p ma’lumot oldim.

G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar berildi.

Barno Meliqulova, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA
7 654