Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 14:40 Chop etish versiyasi

Ezgu amallar ko‘lami kengaymoqda

Mamlakatimizda nogironlarning ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirish, turmush darajasini oshirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, davolash-profilaktika xizmatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 1-avgustdagi “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, ularning hayot sifatini yaxshilash, ta’lim olish va ishga joylashishda ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Ayni kunlarda komissiya tomonidan mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Farg‘ona viloyatida 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. O‘zgalar mehri va yordamiga muhtoj insonlar uyiga borib, holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

– Viloyatda 65 mingdan ziyod turli toifadagi nogironlar istiqomat qiladi, – deydi O‘zbekiston nogironlar jamiyati Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi T.Dadaxonov. – “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun asosida yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni yanada kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jamiyatimizning ko‘ngillilari yordamida bayram va muhim sanalarda ularning xonadonlariga borilib, xayriya va saxovat yordamlari ko‘rsatilmoqda.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Jismoniy imkoniyati cheklangan va uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga Prezidentimiz nomidan yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylar berildi. Shahar va tumanlarda “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar holidan xabar olinib, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida hayot kechirishi uchun to‘siq bo‘layotgan muammolar bartaraf etilishiga ko‘maklashilmoqda.

To‘rt mingdan ziyod yolg‘iz keksalar va nogironlar uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning barchasi dispanser ko‘rigidan o‘tkazildi. Davolanishga muhtoj bo‘lgan 1 ming 400 nafar yolg‘iz keksa va nogironlar shifoxonalarda davolandi. Shu kunga qadar 4 ming nogiron sihatgohlarda sog‘lig‘ini tikladi.

Nogironlarning texnik reabilitatsiya vositalariga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganilib, nogironlar aravachasi, protez-ortopediya uskunalari va boshqa vositalar bilan ta’minlandi.

Viloyatdagi “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida ham saxovat ishlari amalga oshirilib, turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Nogironlar, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy himoyasi doimo davlatimiz e’tiborida.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 046






Все о погоде - Pogoda.uz