Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 10:48 Chop etish versiyasi

Ertangi kun yoshlarniki, marra yoshlarniki

Qiziriq tumanidagi Bandixon qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida “Birlashib katta kuchmiz!”, “Biz, yoshlar yot g‘oyalarga qarshimiz!” shiorlari ostida “Ertangi kun bizniki, marra bizniki” mavzusida yoshlar festivali o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun barcha sharoitni yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni hamda Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Festival doirasida yugurish marafoni, futbol musobaqasi, “Quvnoq shaharcha”, "Mohir oshpaz" bellashuvlari, “Vijdonli sotuvchi”, “Nuroniylar e’zozimizda” loyihalari, kollej bitiruvchilari va uyushmagan yoshlar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

– Viloyatning chekka va olis hududlaridagi barcha yoshlarni qamrab olishga qaratilgan mazkur festival boshqa tumanlarda ham o‘tkaziladi, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi mas’ul xodimi Sh.Turdiyev. – Ushbu tadbirning o‘ziga xos jihati “Quvnoq shaharcha” musobaqasi bo‘lib o‘tganidir. Unda kollej hududida tashkil etilgan o‘nta bekatda ishtirokchilarning yakka va jamoa shaklidagi turli bellashuvlari o‘tkazildi.

“Zukko kitobxon” deb nomlangan dastlabki bekatda jamoalarning har bir o‘quvchisi daraxt shaklidagi savollar joylashtirilgan tablodan javob topdi. Bekat rahbari tomonidan ko‘rsatiladigan rasmlarga qisqacha hikoya tuzdi. “Rassomlar” bekatida ishtirokchilar “Mening kelajagim” mavzusida rasm chizdi. “Bilasizmi?” nomli uchinchi bekatda qiziqarli, ko‘rgazmali topishmoqlar, tezkor savol-javoblar o‘tkazildi. “Aqlli komputer” bekatida yoshlar o‘zlari tanlagan soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmasini namoyish etdi. “EKO-salomatlik”, “Sahna mahorati”, “Tadbirkorlik”, “Shaxmat va shashka”, “Noyob iqtidor”, “Ma’naviyat va ma’rifat” bekatlari ham qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

Festival doirasida badiiy va qisqa metrajli filmlar namoyish etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 818






Все о погоде - Pogoda.uz