Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 15:59 Chop etish versiyasi

Er-xotin jinoyatga qo‘l urdi

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida istiqomat qilayotgan Z.Qosimovaning qo‘lida guldek hunari bor. U tikuvchilik qiladi. Odamlarning yaxshi kunlarida, to‘y va bayramlarida pardalar tikib, insonlarga yordam beradi. Qilgan mehnatlari evaziga yaxshigina daromad ham topardi.

Biroq u oson pul topish, o‘zgalarning mol-mulkini o‘g‘irlab, ko‘proq daromad qilaman, degan o‘y-xayollar bilan jinoyatga qo‘l urdi. Eng achinarlisi, bu jinoyatni o‘z qarindoshining uyida turmush o‘rtog‘i bilan birga amalga oshirdi.

Z.Qosimovaning ammasi o‘g‘lini uylantirish taraddudida yurgandi. Uyi uchun parda tikishni jiyaniga ishonib topshirdi. Jiyan esa pardalarni tikish barobarida ammasining uyini o‘marishni reja qildi. U pardalarni osishga yordamlashish uchun turmush o‘rtog‘ini olib boradi. Er-xotin uyga kirib-chiqib yurgan vaqtida tashqi eshik oldidagi kiyim ilgichda osilib turgan xonadon kalitini hech kimga bildirmasdan olib, undan nusxa yasatadi.

Kelin tomondagilar kelib uyni yasatib ketishgandan so‘ng, joriy yilning 31 yanvar kuni soat o‘n yarimlarda uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, Z.Qosimova va uning turmush o‘rtog‘i R.Qosimovlar jinoiy til biriktirib, uydagi narsalarni o‘g‘irlash maqsadida uyga kiradi. Ular uydagi taqinchoqlarni, 2 noutbukni, pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni, jami 35 million so‘mdan ortiq bo‘lgan narsalarni olib chiqib ketadi.

Poytaxtimizdagi Abdulla Avloniy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi sudyasi Boburjon Inog‘omov raisligida ushbu jinoiy ish ko‘rib chiqildi.

Sudda endi 31-32 yoshni qarshilgan, ikki farzandning ota-onasi bo‘lgan bu er-xotin O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandi bilan o‘g‘irlik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda, bir guruh shaxslar tomonidan, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ancha miqdorda talon-toroj qilishda aybdor, deb topildi.

– Sudlanuvchi R.Qosimovga jazo tayinlashda sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati, muqaddam sudlanmaganligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy ahvoli, qaramog‘ida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olgan holda jazo tayinlandi, – deydi sudya B.Inog‘omov. – Shuningdek, sudlanuvchi Z.Qosimovaga muqaddam sudlanmaganligi, qilmishidan pushaymonligi, ayolligi, oilaviy ahvoli, qaramog‘ida voyaga yetmagan, shundan bir nafari uch yoshga to‘lmagan farzandi borligi e’tiborga olinib, uni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin, degan fikrga keldi.

R.Qosimovga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Z.Qosimovaga esa uch yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shu o‘rinda kishida bir mulohaza tug‘iladi. Oila azaldan muqaddas qo‘rg‘on sanalib, ota-onalar uning ustuni, ular farzandlar uchun esa har jihatdan ibrat, namuna hisoblangan. Ota-ona jinoyatga qo‘l urdimi, uning jabrini farzandlar tortishi tayin. Aslida jinoyat sodir etgan shaxslarga tayinlangan uch yillik jazodan ko‘ra, farzandlari uchun ota-onasi "o‘g‘ri" degan nomni ko‘tarib yurish eng og‘ir jazo emasmi?

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 579