O‘zA O`zbek

07.03.2018 12:11 Chop etish versiyasi

Eng sara jamoalar g‘olib bo‘ldi

Namanganda musiqa va san’at maktablari ansambllari o‘rtasida o‘tkazilayotgan respublika ko‘rik-tanlovining hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan 40 ansambl ishtirok etdi.

Ko‘rik-tanlovda ishtirokchi jamoalar xalq cholg‘ulari, an’anaviy qo‘shiqchilik, an’anaviy sozandalik, raqs, estrada, katta va kichik xor, folklor kabi san’atning sakkiz yo‘nalishida iste’dod va mahorat borasida o‘zaro bahslashdi. Ansambllarning ijrolari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholab borildi.

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, Namangan viloyati Chust tumanidagi 15-, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 12-, Namangan shahridagi 11-, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 21-, Farg‘ona shahridagi 4-, Marg‘ilon shahridagi 8- va 9-, Quvasoy shahar 11-bolalar musiqa va san’at maktablarining estrada vokal ansambllari, Marg‘ilon shahridagi 8-, Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 19- hamda Andijon shahridagi 3-bolalar musiqa va san’at maktablarining jamoalari g‘olib deb topildi.

Shuningdek, tanlovning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari ham aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
4 496