Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2018 12:07 Chop etish versiyasi

Eng quvonchli va unutilmas voqea

Eng quvonchli va unutilmas voqea Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida yashovchi O‘rinboyevlar oilasi uchun 2018-yilning bahori bir umr yodda qoladigan bo‘ldi. Prezidentimiz farmoni bilan oilada uch kishi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

– Men 25 yildan so‘ng yana Vatanimning teng huquqli fuqarosi bo‘ldim, – deydi Xolmurod O‘rinboyev. – Men kabi o‘g‘lim Shuhrat, qizim Nigora ham shunday baxtga muyassar bo‘ldi. Bu hammamizning hayotimizdagi quvonchli va unutilmas voqea. O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosi bo‘lganimizdan behad mamnunmiz. 

8 (1).JPG

Davlat idoralarida uzoq yillar samarali mehnat qilgan Xolmurod akaning farzandlari ham ota izidan borib, odobli, madaniyatli mehnatsevar bo‘lib voyaga yetdi. Shuhratjon o‘qituvchi, Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida yoshlarga ta’lim berayotir. Nigora maktabda ishlamoqda. Ular O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi qalblarida tug‘ilib o‘sgan Vataniga, kasbiga muhabbatini yanada oshirganini izhor etdi.

Navro‘z bayrami arafasida bunday quvonchga sazovor bo‘lganlar faqat O‘rinboyevlar oilasi emas. Jizzax viloyati hokimligida Prezidentimiz farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 13 kishiga fuqarolik pasportlari tantanali topshirildi.

– Davlatimiz tomonidan yurtimizda yashayotgan har bir shaxsning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni men o‘z shaxsiy hayotimda ko‘rmoqdaman, – deydi Paxtakor tumanida yashovchi Umida Safarova. – Uzoq yillar hal bo‘lmay kelgan bu ishning yugur-yugurlarsiz hal etilayotgani meni, ayniqsa, quvontiradi. Bu mamlakatimizda demokratik, insonparvar jamiyat barpo etilayotganining muhim belgisidir.

Shu kuni pasport olgan barcha fuqarolar qalbida shunday ishonch qaror topdi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
3 176