O‘zA O`zbek

08.09.2018 11:56 Chop etish versiyasi

Endi foydalanilmayotgan binolar egalari koʻproq soliq toʻlaydi

Endi foydalanilmayotgan binolar egalari koʻproq soliq toʻlaydi

Oʻzbekistonda jami 45 mingta faoliyat koʻrsatmayotgan bino va qurilishi tugallanmagan obyekt saqlanib qolmoqda, ularning 27 mingtasi xususiy mulk hisoblanadi.

Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilingani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qilmoqda.

Qarorda taʼkidlanishicha, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan oʻzgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat koʻrsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va oʻn ikki mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Shu bilan birga, yurtimizda jami 45 mingta faoliyat koʻrsatmayotgan bino va qurilishi tugallanmagan obyekt saqlanib qolmoqda, ularning 27 mingtasi xususiy mulk hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, tumanlarda darajasida foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish boʻyicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar tuzildi.

Ushbu komissiyalar:

• tegishli hududdagi foydalanilmayotgan obyektlarning roʻyxatini shakllantiradi;

• foydalanilmayotgan obyektlarda ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritalari” va investitsiya loyihalarini mulkdorlar bilan birga ishlab chiqadi;

• mulkidan foydalanmayotgan mulkdorlarga (yuridik shaxslarga) nisbatan taʼsir choralarini qoʻllash haqida xulosa taqdim etadi;

• tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashadi.

2018 yil 15 sentyabrdan boshlab:

a) davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlar sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi;

b) foydalanilmayotgan obyektlar egalariga (yuridik shaxslar) quyidagi taʼsir choralari qoʻllaniladi:

• qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlarini toʻxtatish;

• soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni umumbelgilangan tartibda toʻlashga oʻtkazish;

• mol-mulk va yer soliqlarini oʻrnatilgan stavkaga nisbatan ikki baravarga oshirish (6 oy oʻtgandan soʻng – besh baravarga, 12 oydan keyin oʻn baravarga oshiriladi).

Taʼsir choralari davlat tashkilotlarning aybiga koʻra investitsiya loyihasini amalga oshira olmaganlarga, shuningdek foydalanilmayotgan obyektdan samarali foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni (investitsiya loyihasini) taqdim etgan va amalga oshirishni boshlaganlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

Taʼsir choralari mulkdorning idoralararo komissiya xulosasi bilan tanishganidan keyingi oydan boshlab qoʻllanadi.

Taʼsir choralarini qoʻllash haqidagi xulosasini chiqarish uchun foydalanilmayotgan obyektdan foydalanish boʻyicha takliflar taqdim etilmaganligi yoki tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ning bajarilmasligi asos boʻladi.

Davlat raqobat qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasiga bir oy muddatda foydalanilmayotgan mulklar boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish va ularning mulkdorlariga nisbatan taʼsir choralari qoʻllash yuklandi.

OʻzA
2 617