Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 18:21 Chop etish versiyasi

Elektron chiqindi – qimmatli xomashyo

Poytaxtimizda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, rangli metall qoldiqlarini yig‘ish, topshirish tartibi, elektron chiqindilarni zararsizlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va «Toshrangmetzavod» aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, sanoat korxonalari vakillari, ekspertlar, tadbirkorlar, ekolog mutaxassislar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Texnika taraqqiyoti, ishlab chiqarish faoliyati ortishi natijasida ko‘payib borayotgan chiqindilarning tabiat va inson salomatligiga ziyon yetkazishining oldini olish, ayniqsa, yaroqlilik muddati o‘tgan va chiqitga chiqarilgan maishiy hamda elektron texnika chiqindilarini zararsizlantirish dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, xalqimiz farovon turmush kechirishi uchun ekologik jihatdan qulay muhit yaratish, tabiiy resurslarni tejash, ishlab chiqarishga ekologik sof texnologiyalarni tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Toshrangmetzavod» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda bu borada qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, qattiq maishiy va elektron chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini takomilashtirish maqsadida «Toshrangmetzavod recycling» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos solindi.

– Kundalik faoliyatimizda foydalaniladigan zamonaviy elektron va maishiy texnikalar yaroqsiz holga kelgach, ularni tabiatga tashlash ekologik barqarorlikka jiddiy zarar yetkazadi, – deydi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yer va suv nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari No‘monjon Shokirov. – Chunki, ularning tarkibidagi zararli kimyoviy moddalar tuproqda uzoq vaqt saqlanib qoladi. Bu ekotizimlar holati va inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Agar bunday chiqindilar yig‘ilib, qayta ishlansa, ular qimmatli xomashyoga aylanadi. Bu iqtisodiy va ekologik jihatdan foydalidir.

Ana shu maqsadda tashkil etilgan «Toshrangmetzavod recycling» korxonasi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari bilan jihozlangan. Korxona jamoasi aholi, tashkilot, korxonalardan maishiy va elektron chiqindilarni yig‘ish maqsadida poytaxtimizdagi «Mediapark» savdo majmualari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu savdo majmualarida chiqindilarni yig‘adigan maxsus savdo nuqtalari ochildi. Topshiriladigan chiqindilar uchun rag‘batlantiruvchi chegirmalar joriy etildi. Yil oxiriga qadar bunday savdo nuqtalarini mamlakatimizning barcha hududlarida ochish rejalashtirilgan.

Seminarda chiqindilarni boshqarish borasida mamlakatimiz ekologik qonunchiligi va xalqaro tajriba, chiqindilar bilan ishlash tizimi, ularni qayta ishlash faoliyati samaralari, rangli metall qoldiqlari va elektron chiqindilarni yig‘ish, topshirish tartib-qoidalariga oid ma’ruzalar tinglandi. Korxona va tashkilotlar vakillarining savollariga ekolog mutaxassislar javob qaytardi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan «Ekologik toza korxona» respublika ko‘rik-tanlovi e’lon qilindi. Tanlov ishlab chiqarish tizimida ekologik qonunchilik talablarining to‘liq ijrosini ta’minlash, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, ekologik sof texnologiyalardan foylalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, bu borada orttirilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida o‘tkazilmoqda. Tanlovda mamlakatimizdagi barcha tashkilot va korxonalar, xususiy biznes va tadbirkorlik subyektlari ishtirok etish imkoniyatiga ega. Bu xususdagi batafsil ma’lumotlar bilan O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining www.uznature.uz saytida tanishish mumkin.

Bahor Xidirova, O‘zA
1 713






Все о погоде - Pogoda.uz